Livan Isroil ustidan BMTga shikoyat qilmoqchi
Olam
−
07 aprel 2023
4858Livan Isroil mudofaa kuchlarining mamlakat janubiy hududlariga bergan zarbalari yuzasidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashiga shikoyat bilan murojaat qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Livan Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z bordi.
Hujjatga ko‘ra, Livanning BMTdagi missiyasi Tashqi ishlar vaziri Abdulla Buhabib nomidan Isroilning mamlakat janubiy hududlariga qasddan zarba bergani yuzasidan Xavfsizlik Kengashiga rasmiy shikoyat bilan murojaat qilmoqchi.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Isroil hujumlari Livan suvereniteti va BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasini ochiqdan-ochiq buzish ekanligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 2006 yilning avgustida qabul qilingan 1701-rezolyutsiya Livan va Isroil o‘rtasidagi chegarada barcha harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 aprel kuni, Isroil tomonidan Al-Aqso masjidida qilingan nojo‘ya harakatlarga javoban Livan hududidan Isroilga kamida 10 ta raketa uchirilgandi. So‘ng Isroil mudofaa kuchlari ham Livan janubidagi Tir shahri yaqinida joylashgan El-Kleyla qishlog‘ini o‘qqa tutgandi. Hududga kamida 15 ta raketa uchirilgandi. Bugun, 7 aprelga o‘tar kechasi esa Isroil yana Livanga zarba bergandi.
LiveBarchasi