Litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorlarga chora ko‘rildi
Jamiyat
−
19 iyul
160032024 yilning birinchi yarmida litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorlarga chora ko‘rildi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi axborot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum bir auditoriyagina taniydigan yoki bo‘lmasa “litsenziya”ga ega bo‘lmagan ijodkorlar ham teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarda mehmon sifatida ishtirok etmoqda.
“Vaholanki, har qanday san’atkor o‘z ijodini taqdim qilishda, ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni aholiga yetkazish uchun litsenziya talab etiladi. To‘y marosimlari, oilaviy bazmlar, barlar va restoranlardagi yig‘inlarda ham “litsenziya”siz faoliyat ko‘rsatish holatlari ko‘paymoqda”, deyiladi xabarda.
“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bunday faoliyat noqonuniy ekanligini ta’kidlab, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda aholidan xizmatga taklif etilayotgan boshlovchilar, san’atkorlarning “litsenziya”si bor yoki yo‘qligini aniqlashtirishga, “litsenziyasiz” ijodkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirgan.
Ma’lumot uchun, litsenziya jismoniy yoki yuridik shaxsga beriladigan, litsenziya talablari va shartlariga majburiy ravishda rioya etilgan taqdirda faoliyatning litsenziyalanadigan turini yoki uning kichik turini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatdir.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasida litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanishi belgilangan.
“Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi litsenziyalash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Litsenziya talab etiladigan hollar:
- Yakkaxon ijrochi konserti (bitta ijrochining yakkaxon konsert dasturi), bitta janrning ikki yoki undan ko‘p ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi, turli janrlar yo‘nalishlarining bir nechta ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi va boshqalar), ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etishga;
- Restoranlar, barlar, qahvaxonalar, xususiy uylarda yubiley tantanalarida xizmat ko‘rsatish, restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to‘ylarda (FHDYOdagi marosim, “osh berish” marosimi, kechqurungi nikoh tuzish – “nikoh to‘yi” marosimi, “kelinsalom” marosimi), “sunnat to‘yi marosimiga xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar tashkilotlarda – klublar, diskotekalar, restoranlar, barlar va qahvaxonalarda xizmat ko‘rsatish (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi, didjey-ovoz operatori, ma’mur va boshqalar)ga.
LiveBarchasi