Lissabonda funikulyor relsdan chiqib ketdi. 15 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Kecha, 3 sentyabr kuni Portugaliyaning Lissabon shahrida “Gloriya” funikulyori (tog‘, balandlik yoki qiyalik bo‘ylab odamlarni tashish uchun mo‘ljallangan transport) relsdan chiqib ketdi. Hodisa oqibatida taxminan 20 kishi jarohat olgan, 15 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Portugaliya milliy politsiyasiga tayanib, “Diario de Noticias” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, funikulyor vagoni tros uzilishi sababli balandlikdan qulagan. U bog‘dagi kuzatuv maydonchasidan pastga harakatlanayotgan paytda boshqaruvni yo‘qotib, binoga urilgan. Internetda tarqalgan suratlarda 43 kishini sig‘dira oladigan vagon butunlay vayron bo‘lgani ko‘rinadi.

Jamoat xavfsizligi politsiyasi qurbonlar borligini tasdiqlagan, ammo aniq sonini aytmagan. Fuqarolik muhofazasi xizmati esa kamida 20 kishi jarohatlangani, ularning to‘rt nafarida tan jarohati og‘ir ekani haqida ma’lum qilgan. Mahalliy Sog‘liqni saqlash bo‘limi “Lusa” nashriga bergan ma’lumotida San-Joze shifoxonasiga yetti kishi olib borilganini, ulardan besh nafari og‘ir ahvolda ekanini bildirgan.

Portugaliya Prezidenti Marselu Rebelu de Souza hodisa va qurbonlar munosabati bilan ta’ziya bildirgan. Shuningdek, Bosh vazir Luish Montenegro va Portugaliya hukumati ham hamdardlik izhor qilgan.

Lissabon meri Karlush Muedash voqea joyiga yetib borgan.

“Lissabon motamda. Bu bizning shahrimizda hech qachon bo‘lmagan fojia. Hozir choralar ko‘rish va yordam berish payti”, deydi u.

Prokuratura hodisa yuzasidan tergov boshlagan.

Ma’lumot uchun, “Gloriya” funikulyori Yevropadagi eng qadimgilaridan biri hisoblanadi. U 1885 yilda ochilgan va dastlab bug‘ dvigateli yordamida ishlagan, 1915 yilda esa elektrlashtirilgan. Uning yo‘nalish uzunligi 265 metr.

2002 yil fevralida funikulyor milliy yodgorlik sifatida e’tirof etilgan. U Lissabonning asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri sanaladi va sayyohlar orasida mashhur. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Gloriya” har yili 3 milliondan ortiq yo‘lovchi tashiydi.

2018 yil may oyida ham funikulyor vagoni relsdan chiqib ketgan, ammo o‘sha safar qurbonlar bo‘lmagan. 2022 yilda funikulyor kapital ta’mirdan chiqarilgan, 2024 yilda esa oraliq ta’mir ishlari o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Portugaliya Lissabon Gloriya funikulyor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing