Lenin ag‘darilgan O‘shda Navoiy qad rostladi – Weekend

Tahlil

Bir oy oldin Lenin haykali olib tashlangan Qirg‘izistonning O‘sh shahrida Alisher Navoiy haykalining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

4 yillik “Tolibon” va ularning “amirlik” atalmish tuzilmasi dunyo miqyosida ilk bor davlat sifatida tan olindi. Bu jarayonni Rossiya boshlab berdi.

Tramp Putin bilan telefon orqali gaplashib, undan norozi bo‘ldi va zudlik bilan Zelesnkiyga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan yaqindagina to‘xtatilgan yordamni qayta tiklash masalasini muhokama qildi.

Tramp va Mask jangi yana ekranlaringiz qarshisida. Janjalga sababchi bo‘lgan qonun loyihasi qabul qilindi va Mask yana X'da shovqin solishni boshladi. U rostdan ham yangi 3-partiyaga asos solmoqchi.

Assalomu alaykum! Joriy hafta davomida dunyoda ro‘y bergan shu va boshqa muhim voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturi va biz boshladik.

Lenin “ag‘darilgan” O‘shda Navoiy haykali yangilandi

Esingizda bo‘lsa, joriy yilning iyun oyida Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi markaziy maydonda Vladimir Ilich Lenin haykali demontaj qilingan edi. U o‘z o‘rnidan olib tashlanib, hududning boshqa qismiga ko‘chirilishi aytildi. Rossiyadagi qator OAVlari bu harakatni tarixga bog‘lab, “do‘stlik bog‘ichining uzilishi” deya izohlagandi. Haykal 1975 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, u Leninning nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki butun dunyodagi eng baland haykallardan biri bo‘lib, balandligi 25 metrni tashkil etardi.

Endi esa O‘sh shahridagi bog‘da turkiy xalqlar shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning yangilangan haykali tantanali ochildi. Marosimda O‘sh shahri hokimi Jenishbek Toktorbayev, shahar kengashi raisi Bolot Bayetov, O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev, shuningdek, shahar aholisi va madaniy jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Mahalliy hokimiyat tashabbusi bilan yangilangan haykal qirg‘iz va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida baholanmoqda. Ular Alisher Navoiyni xalqlar va do‘stlik rishtalarini bog‘lovchi siymo sifatida e’tirof etishgan. Tashkilotchilarning aytishicha, loyihaning maqsadi – umumiy madaniy merosni saqlab qolish va qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.

Ammo Qirg‘iziston Sovet tuzumi qoldiqlaridan xalos bo‘layotgandek ko‘ringani bilan, mamlakat Prezidenti Sadir Japarov rus tiliga urg‘u berishda davom etmoqda. U o‘z davlatini rus tiliga muxtoj deya aytishdan ham tiyilmadi. Bu ham yetmagandek, Japarovning nazdida O‘zbekiston va Tojikistonda rus tilisiz muloqot qilib bo‘lmasmish. O‘zbekistonga tashrifi aeroport, rasmiy idoralar, Prezident qabuli va yana aeroport, bazida esa istisno tarzida “Amirsoy” dam olish maskani bo‘ladigan va ushbu marshrutdan chetga chiqmaydigan shaxsning mamlakatdagi muloqot muhitiga bunday baho berishi kulguli.

“MDH davlatlarini aytmay turaylik, qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistonga borsangiz, rus tilisiz muloqot qilib bo‘lmaydi. Yevropa, Amerika, Xitoyda ham rus tili tarjimonlaridan foydalanishadi”, degan Japarov. 

Ma’lumot o‘rnida shuni takidlash lozim, Qirg‘iziston konstitutsiyasida rus tili rasmiy til deb belgilangan. Japarovga ko‘ra esa, rus tili Qirg‘iziston uchun zarur va bu tilning rasmiy maqomini o‘zgartirish takliflari noto‘g‘ri. Bu bilan u ba’zi siyosatchilarning rus tilining maqomini o‘zgartirish haqidagi takliflarini maqsadga muvofiq emas deb hisoblagan. Yana bir muhim jihat shuki, 2 iyul kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin huzurida bo‘ldi. Uchrashda esa Putin qirg‘iz tomoniga rus tiliga alohida maqom berilgani uchun minnatdorlik bildirib, bu ham gumanitar, ham iqtisodiy sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Trampning Putindan hafsalasi pir bo‘ldi

3 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi. O‘ta muvaffaqiyatsiz va hech narsani hal qilmagani aytilgan bu suhbatdan so‘ng Tramp bazi muhim gaplarni aytib o‘tdi. Tramp suhbat tafsilotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Putin bilan bo‘lgan telefon qo‘ng‘irog‘idan mamnun emasligi va hech narsaga erishilmaganini ta’kidladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp  rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi telefon muloqoti chog‘ida Rossiyaning Ukrainadagi urushi sababli AQSH sanksiyalarini kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirganini va Putin bundan xavotirdaligini aytdi. Tramp Putin bilan Ukrainadagi mojaro yuzasidan qilgan telefon qo‘ng‘irog‘idan juda norozi ekanini aytib, Rossiya rahbari “odamlarni o‘ldirishda davom etmoqchi” ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Amerika yetakchisi AQSH Kiyevga qurol yetkazib berishda davom etayotgani haqida bayonot berdi. Biroq esingizda bo‘lsa, Ukrainaga qurol yetkazib berish bir necha kun oldin to‘xtagani va bu zahiralar bilan bog‘liq xavotir tufayli yuzaga kelgani ochiqlangandi. Ammo mutaxasislar Vashingtonning bu qarorini ular endilikda Ukraina emas, balki Isroilni qurollantirishga e’tibor qaratgani bilan izohladi. Biroq Tramp joriy haftada bu voqealar huddi bo‘lmaganidek, AQSH Ukrainaga yordam berishda davom etayapti dedi. Ammo u shuningdek, bu yordam zahiralarni hisobga olgan holda amalga oshirilayotganini ham qo‘shimcha qildi. Putin bilan telefon suhbatidan bir kun o‘tib, 4 iyul kuni Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham gaplashdi. E’tiborga molik jihati shuki, Ukraina rahbari mazkur suhbatni “juda muhim va samarali” deb atadi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, mavzular Ukraina frontidagi mavjud vaziyat, shuningdek, Rossiya havo hujumlari haqida bo‘lgan. Bundan tashqari, davlat rahbarlari mudofaa sanoati va qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida ham batafsil gaplashib olishgan. Darvoqe, 4 iyul AQSH Mustaqillik kuni bo‘lgani bois Ukraina yetakchisi telefon suhbati chog‘ida Trampni Mustaqillik bayrami bilan tabriklagan.

AQSH Prezidenti esa Zelenskiy bilan suhbat haqida ma’lum qilar ekan, birinchi bor AQSH yordamini minnat qilmaganday tuyuldi. Ya’ni Tramp jurnalistlarga AQSH Kiyevga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalarni yuborish imkoniyatini muhokama qilganini aytib, bu ularga mudofaa uchun juda zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u Patriot raketalarining samaradorligini yuqori baholab, bu qurollarni “juda ta’sirli” deb atadi. Yuqorida takidlanganidek, avvalroq AQSH kutilmaganda Ukrainaga muhim o‘q-dorilar, jumladan Patriot uchun raketalarni yetkazib berishni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgan edi. “The Wall Street Journal” nashriga ko‘ra, to‘xtatilgan paytda o‘q-dorilar allaqachon Polshada bo‘lgan. Ular orasida 20 dan ortiq Patriot PAC-3 raketalari, 20 dan ortiq Stinger zenit tizimlari, Hellfire havo-yer tipidagi boshqariladigan raketalari, 90 dan ortiq havo-havo tipidagi raketalari va boshqa tizimlar bor bo‘lgan. Ukraina esa Rossiya havo hujumlarining kuchayishi fonida qabul qilingan bu qarordan juda xavotirda edi. Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari qo‘llayotgan qurollarning uchdan bir qismi Amerikaniki ekanini ta’kidladi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQSHning Kiyevdagi vaqtinchalik ishlar vakili Jon Xinkelni suhbatga chaqirib, unga “Ukraina mudofaa qobiliyatini qo‘llab-quvvatlashdagi har qanday kechikish yoki ikkilanish tajovuzkorni tinchlikka intilishdan ko‘ra urush va terrorni davom ettirishga undashini bildirgan.

“Katta chiroyli qonun” va Mask “qo‘zg‘oloni”

Tramp va Maskning shov-shuvli janjaliga sabab bo‘lgan hamda ular o‘rtasidagi “siyosiy ishq”ning tugashiga olib kelgan qonun loyihasi baribir amaliyotga joriy qilinadigan bo‘ldi va Tramp uni barcha to‘siqlardan juda silliq olib o‘tdi. Joriy hafta AQSH Kongressining Vakillar palatasi federal soliqlarni kamaytirish hamda mudofaa va chegara xavfsizligi uchun xarajatlarni ko‘paytirishni nazarda tutuvchi “katta chiroyli” qonunni (The Big Beautiful Bill) ma’qulladi. Qonunni minimal talab qilinadigan kongressmenlar soni – Vakillar palatasining 218 a’zosi qo‘llab-quvvatladi. 214 kongressmen unga qarshi ovoz berdi. Qonun bo‘yicha ovoz berishni Vakillar palatasida demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris kechiktirdi. U 8 soat 55 daqiqa nutq so‘zladi va Kongress quyi palatasida nutq davomiyligi bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Ammo baribir, bu qonunning qabul qilinishiga to‘sqinlik qilish uchun yetarli bo‘lmadi.

Eng so‘nggida esa, 4 iyul kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning o‘zi milliarder Ilon Mask bilan janjalga sabab bo‘lgan AQSH byudjeti to‘g‘risidagi ushbu qonun loyihasini imzoladi. Hujjat AQSH Mustaqillik kunida imzolandi va uni imzolash marosimi tantanali ruhda o‘tdi. Saylovda Trampni qo‘llab-quvvatlagan milliarder Ilon Mask esa mazkur qonun yuzasidan AQSH Prezidenti bilan kelishmay qolgandi va uning qabul qilinishi Ilonning yana shovqin ko‘tarishiga sabab bo‘ldi. Tadbirkor tashabbusni tanqid qilib, uni “lobbichilarning keraksiz xarajatlari bilan to‘ldirilgan” “ommaviy va shafqatsiz” qonun deb atadi. Maskning so‘zlariga ko‘ra, qonun byudjet taqchilligini kamaytirish o‘rniga uni oshiradi.

Avval bo‘lgani kabi, u X'dagi sahifasida, Mustaqillik kuni arafasida AQSHdagi uchinchi partiyaga asos solish o‘rinli degan mazmunda post qoldirdi. Mask va Trampning birinchi janjalida ham milliarder partiya ochish masalani kun tartibiga chiqargandi. Ammo Tramp bu haqda uni jiddiy ogohlantirgan. Bu safar esa ilgarigisi kabi uchinchi partiyaga ehtiyoj bormi yoki yo‘q mazmunida o‘tkazilgan so‘rovnomada ovoz beruvchilarning katta qismi Maskning hozircha faqat hayolda bo‘lgan “Amerika” nomli partiyasini tuzilishiga xayrixoh bo‘lmoqda.
The Big Beautiful Bill'ning o‘ziga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu Donald Tramp tomonidan 2017 yilda birinchi prezidentlik davrida kiritilgan soliq imtiyozlarini uzaytiradi. Qonun Qo‘shma Shtatlarning mudofaa va chegaralarini himoya qilishga sarflanadigan xarajatlarni oshirishni nazarda tutadi, shuningdek, Medicaid va CNAP kabi ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishni qisqartirishni nazarda tutadi. Kongressning Byudjet byurosi qonun federal hukumat qarziga 3,8 trillion dollar qo‘shishini aytdi. Hozirgi qarz esa 36,2 trillion dollarni tashkil etadi. Umuman olganda ko‘pchilik Trampning bu qonuni AQSHni qarz botqog‘iga chuqurroq botirish bilan yakunlanishi haqida ogohlantirmoqda.

“Tolibon” tan olindi

Salkam 4 yildan buyon Afg‘onistondagi asosiy hukmron kuch “Tolibon” harakati xalqaro miqyosda ilk bor tan olindi. Rossiya Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini tan olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Bu haqda birinchi bo‘lib, 3 iyul kuni TASS axborot agentligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, xabar berdi. Keyinchalik qolgan OAV xususan, “Reuters” agentligi ham Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, Moskva Afg‘onistonning yangi elchisidan ishonch yorliqlarini qabul qilib, bu ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda “yangi turtki” bo‘lishiga umid bildirgani haqida yozdi. “Tolibon” harakati 2021 yilda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri ilk bor Afg‘onistonning Moskvadagi elchixonasi ustida harakatning, ayni paytda esa Afg‘onistonning yangi bosh ramziga aylangan bayroq o‘rnatildi. TASS agentligi, shuningdek, Rossiyaning Qobuldagi elchisi Dmitriy Jirnovga tayanib, “Tolibon” hukumatini tan olish to‘g‘risidagi qaror Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov taklifi bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan qabul qilingani haqida xabar berdi.

Aslida Rossiya “Tolibon”ni tan olish jarayonini o‘tgan yil o‘rtasidan boshlab jadallashtirgandi. Xususan, 2024 yilning may oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va Adliya vazirligi Vladimir Putinga Tolibonni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qilgandi. Chunki “Tolibon” harakati 2003 yilda Rossiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. 2021 yil avgustida Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin mazkur harakat hokimiyatni qo‘lga olgach, Putin “Tolibon”ni terrorchi emas, balki endi Rossiyaning terrorizmga qarshi kurashdagi “ittifoqchisi” deb atay boshlagandi. 2024 yil dekabrida esa Vladimir Putin qator vazirliklar taklifi bilan “Tolibon”ni Rossiyada taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Bu yilga kelib esa Federatsiyasi Oliy sudi “Tolibon” harakatining Rossiyadagi faoliyatini taqiqlashni to‘xtatdi.

Shunday qilib, “Tolibon” tomonidan dunyo hamjamiyati Afg‘oniston Islom Amirligi deya tanishtirilayotgan tuzilmani birinchi bo‘lib Rossiya tan oldi. Mutaxasislar endilikda o‘z mintaqasidagi barqarorlik va unga chegaradosh bo‘lgan Afg‘onistonda muntazam ravishda tinchlik hukm surishi va markaziy hokimiyat mustahkamlanishi zarurati bilan “Tolibon”ni tan oluvchi keyingi davlatlar Markaziy Osiyo bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. O‘zbekiston esa allaqachon ushbu harakat bilan juda yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Hatto bu aloqalar harakat hokimiyat tepasiga kelgani zahoti boshlangan. Eng qizig‘i, Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, dastlab O‘zbekistonning bunday harakatlari dunyo miqyosida xushlanmagan, ammo vaqt o‘tib, rasmiy Toshkentni bu borada tanqid qilganlarning o‘zi aynan Toshentning o‘zidan “Tolibon” bilan aloqa o‘rnatishda vositachi bo‘lishni so‘ragan va so‘rab kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Qirg'iziston Tolibon Ukraina Vladimir Zelenskiy Sadir Japarov The Big Beautiful Bill

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing