Lavrov sirni ochdi: AQSH O‘zbekistonga harbiy bazasini joylashtirishga urinmoqda
Jamiyat
−
17 iyul 2021
39718AQSH o‘z harbiy kontingentini Markaziy Osiyo va Pokistonga joylashtirish uchun ushbu davlatlarni ko‘ndirishga urinayotganini yashirmayapti. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha, 16 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatida aytib o‘tdi.
Rossiya TIV rahbariga ko‘ra, AQSH Markaziy Osiyo va Pokiston davlatlarini ko‘ndirishga urinmoqda. O‘zbekiston va Pokiston rasmiy Vashingtonning Qo‘shma Shtatlar harbiy bazasini o‘z hududiga joylashtirish bo‘yicha taklifiga darhol rad javobini bergan.
Shuningdek, Sergey Lavrov AQSHning Afg‘onistondagi harbiy operatsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini qo‘shimcha qilgan.
“[AQSHning Afg‘onistondagi] missiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini hamma tushunib turibdi. Bu, hatto, AQSHning o‘zida ham ochiq tan olinmoqda. Terrorizm hech qayerda yo‘q bo‘lib ketmadi, ISHID va “Al-Qoida” Afg‘onistonda o‘z pozitsiyalarini kuchaytirgan. Giyohvand moddalarni ishlab chiqarish rekord darajaga yetdi — barcha narkotikning 90 foizi Afg‘onistondan keladi”, deydi u.
Lavrov amerikaliklarning yana bir tashabbusi haqida ham gapirib o‘tdi.
“Ular o‘zlari bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni mamlakatdan olib chiqib ketishga yoki ularni Markaziy Osiyo mamlakatlari hududiga vaqtincha yoki doimiy ravishda joylashtirishga harakat qilishadi”, deydi Rossiya TIV rahbari.
Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, barcha Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ushbu rejalardagi xatarlarni yaxshi biladi va o‘z manfaatlaridan kelib chiqib to‘g‘ri qaror qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 iyul kuni O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiyada Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozef Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq bo‘ldi.
LiveBarchasi