Lavrov Pxenyanda Kim Chen In bilan uchrashdi
Olam
−
19 Oktabr 2023
6077Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi. Uchrashuv KXDR poytaxti Pxenyan shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv bir soatdan sal ko‘proq davom etgan.
Kim Chen In bilan uchrashuv oldidan Lavrov bir qancha yodgorliklarga – KXDRning sobiq rahbarlari Kim Ir Sen va Kim Chen Irning haykalari, Sovet Memorial qabristonidagi Qizil Armiya askarlarining qabri va Sovet Armiyasi Koreyani ozod qilganiga bag‘ishlangan monumentga gul qo‘ygan.
Shuningdek, u shimoliy koreyalik mavqedoshi Soy Son Xi bilan ham muzokara o‘tkazgan. Uchrashuvda Lavrov Shimoliy Koreya rahbarining Rossiyaga so‘nggi tashrifidan so‘ng mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar “sifat jihatidan yangi, strategik darajaga ko‘tarilganini” ta’kidlagan.
Pxenyanga tashrifi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Lavrov Shimoliy Koreyani Rossiyaning “yaqin qo‘shnisi” va “uzoq yillik hamkori” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi Shimoliy-Sharqiy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya TIV rahbari kecha, 18 oktyabr kuni Shimoliy Koreyaga ikki kunlik rasmiy tashrif bilan borgan. Bu Sergey Lavrovning KXDRga to‘rtinchi safari. U avvalroq Shimoliy Koreyaga 2004, 2009 va 2018 yillarda tashrif buyurgan.
LiveBarchasi