Latviya TIV rahbari byudjet pulidan samolyotda uchgani uchun ishdan ketadi
Olam
−
28 mart
6389Latviya Tashqi ishlar vaziri Krishyanis Karinsh byudjet pulidan shaxsiy samolyotlarda uchgani bilan bog‘liq mojaro ortidan lavozimini tark etadi. Bu haqda "Delfi" nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, TIV rahbari bu haqda mamlakat Bosh vaziri Evika Silinya bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilgan.
Karinsh 9 aprel kunigacha o‘z ishini davom ettiradi, shu orada parlament yangi tashqi ishlar vaziri nomzodini ovozga qo‘yadi. Kimning nomzodi ilgari surilishi hali ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, 2023 yil oxirida Karinsh bosh vazir lavozimini egallab turgan vaqtida 32 marta shaxsiy samolyotlarda chet el safarlariga uchgan. Ushbu parvozlar byudjetga 613 ming yevroga tushgani ma’lum bo‘lgan. Latviya Bosh prokuraturasi esa mazkur holat bo‘yicha mablag‘larning talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq surishtiruvlar boshlanganini bildirgan.
Karinsh 2019 yilning yanvaridan 2023 yilning sentyabrigacha Latviya bosh vaziri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Latviya Tashqi ishlar vaziri Krishyanis Karinsh rossiyalik diplomatlardan birini persona non grata deb e’lon qilishga qaror qilgandi.