Latviya Rossiya bilan chegaradosh hududlarda favqulodda holat joriy qildi
Olam
−
28 Sentabr 2022
6992Rossiyada Ukrainaga qarshi urushda e’lon qilingan “qisman safarbarlik” fonida Latviya hukumati Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh hududlarda favqulodda holat joriy qilmoqda. Hukumat saytida 27 sentyabr kuni chop etilgan bayonotga ko‘ra, favqulodda choralar 28 sentyabr kuni uch oy muddatga kuchga kiradi.
Hujjatga ko‘ra, favqulodda holat Aluksne, Balvi va Ludza viloyatlari hududida, shuningdek, portlar, aeroportlar, chegara o‘tkazish punktlari va temir yo‘llarda joriy etilgan. Xabarda qayd etilishicha, ayni damda Latviya-Rossiya chegarasida vaziyat barqaror, osoyishta va qattiq nazorat ostida, biroq rossiyaliklarning keskin oqib kelishi xavfi mavjud.
“Chegarani noqonuniy kesib o‘tishga urinishlarning oldini olish uchun allaqachon kuchaytirilgan nazorat o‘rnatilgan. Biroq, qisqa vaqt ichida muhojirlar soni ortishi xavfi mavjud, shuning uchun chegarachilar, agar kerak bo‘lsa, shoshilinch ravishda qo‘shimcha resurslarni jalb qilishlari uchun – davlat politsiyasi, davlat xavfsizlik xizmati va milliy qurolli kuchlar chegarada favqulodda holat e’lon qilish kerak. Vaziyatning keskinlashishini kutmasdan, oldindan ehtiyot choralarini ko‘rishimiz kerak”, deydi Latviya Ichki ishlar vaziri Kristaps Eklons.
Latviyaga kirishning yangi mezonlari
Hukumatning ta’kidlashicha, faqat 19 sentyabrdan kuchga kirgan yangi mezonlarga javob beradigan rossiyaliklar Latviyaga kiritiladi.
“19 sentyabrdan hozirgi kunga qadar 57 nafar Rossiya fuqarosining mamlakatga kirish rad etildi. Hech bir Rossiya fuqarosi sayyoh sifatida Latviya chegarasidan o‘ta olmaydi. Davlat chegara xizmati nazoratni kuchaytirdi, jumladan, barcha shaxslarni sinchiklab tekshiryapti. Shuningdek, chegarachilar “yashil” chegarani noqonuniy kesib o‘tishning oldini olish maqsadida jadal patrullik qilmoqda”, deyiladi xabarda.
1 sentyabr kuni Pragada bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuvda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari Rossiya va YeI o‘rtasida vizalar berishning soddalashtirilgan tartibi haqidagi kelishuvni to‘xtatib turishga kelishib oldilar. Bu viza olishni uzoqroq, qiyinroq va qimmatroq qildi. Shuningdek, Rossiya bilan chegaradosh davlatlar Rossiya fuqarolarining kirishini milliy darajada cheklashi mumkinligi haqida qaror qabul qilindi.
Shundan so‘ng, Polsha, Litva, Latviya va Estoniya Yevropa Ittifoqiga tashrif buyurishdan maqsad turizm, biznes, sport yoki madaniyat bo‘lgan Rossiya fuqarolarining kirishiga muvofiqlashtirilgan tarzda cheklovlar joriy etishga kelishib oldi. Istisnolar faqat yuk mashinalari haydovchilari, diplomatlar va gumanitar sabablarga ko‘ra chegarani kesib o‘tganlar, jumladan dissidentlar uchun mavjud. Rossiya Federatsiyasidagi safarbarlik fonida Latviya safarbarlikdan qochgan rossiyaliklarga gumanitar va boshqa vizalar bermasligini allaqachon e’lon qilgan edi.
LiveBarchasi