La Liga uchrashuvi ilk bor AQSHda bo‘lib o‘tadi

Sport

image

UEFA joriy yilning dekabr oyida AQSHda La Liga o‘yini o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmasligini tasdiqladi. Mazkur qarorga ko‘ra, “Vilyarreal” – “Barselona” uchrashuvi 20 dekabr kuni Mayamidagi “Xard Rok” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

Avvaliga “sariq suvosti kemasi” va kataloniyaliklar o‘yinini “La Seramika” stadionida o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Biroq tomonlar uchrashuvni AQSHda o‘tkazish borasida kelishuvga erishdi. Taklifni La Liga, Ispaniya Qirollik Futbol Federatsiyasi va endilikda UEFA ham ma’qulladi. Biroq UEFA bu qarorni istamay turib qabul qilganini bildirdi.

So‘nggi sammitdan so‘ng UEFA maslahatlashuv davrini e’lon qildi. Shunga qaramay, manfaatdor tomonlarning aksariyati ichki liga o‘yinlarini xorijda o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamagan. Mazkur qaror bilan bir qatorda, Italiya A Seriyasi ham 2026 yil yanvar oyida “Komo” va “Milan” o‘rtasidagi o‘yinni Avstraliyada o‘tkazishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.

UEFA amaldagi qoidalarga ko‘ra bunday so‘rovni rad etish uchun yetarli asos yo‘qligini ta’kidladi va shu sababli o‘yinni “istamay” ma’qullaganini bildirdi. Shu bilan birga, tashkilot kelajakda bunday takliflarni cheklash uchun yangi qoidalar ishlab chiqishini ma’lum qildi.

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin ichki ligalarni o‘z mamlakatlarida saqlab qolish zarurligini ta’kidladi.

“Liga o‘yinlari o‘z maydonida o‘tkazilishi kerak. Aks holda, sodiq muxlislar o‘z huquqidan mahrum bo‘ladi va bu musobaqalarda buzuvchi elementlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Maslahatlashuvlarimiz bu xavotirlarning jiddiyligini tasdiqladi. 55 ta milliy assotsiatsiyaga bu masalada konstruktiv yondashgani uchun minnatdorlik bildiraman. Bizning asosiy maqsadimiz milliy ligalarning yaxlitligini himoya qilish va futbolni o‘z uy sharoitida saqlab qolishdir”, deydi Cheferin.

Ma’lumot uchun, 2018 yilda La Liga prezidenti Xaver Tebas AQSHda o‘yin o‘tkazish tashabbusini e’lon qilgan edi. O‘shanda La Liga doirasidagi “Barselona” va “Jirona” o‘rtasidagi o‘yinni Mayamida o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq ayrim sabablarga ko‘ra keyinchalik bu uchrashuv Ispaniyada o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Barselona La Liga UEFA Vil'yarreal

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing