Kvars lampalari viruslarni o‘ldirishi mumkinmi? Otabekov izoh berdi
Jamiyat
−
26 mart 2020
13659Kvars lampalarining viruslarni o‘ldirishi haqidagi turli ma’lumotlar mavjud. Ayni vaqtda buning haqiqat yoki asossiz ekanini bilish foydadan holi bo‘lmaydi. Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov kvars lampalarining virusga qarshi foydasi bo‘yicha ma’lumot berdi.
“Adabiyotlarda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kvars viruslarni o‘ldirishi mumkin. Koronavirusning tojlari (korona) oqsildan iboratligi ma’lum, kvars lampasidan chiqqan nur mazkur tojlarga ta’sir qilib, virusning shilliq qavat to‘qimalariga birikib olishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deydi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 65 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor