Kurtua terma jamoadan bir yillik tanaffus olmoqchi
Sport
−
11 iyul 766 2 daqiqa
Belgiya milliy terma jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua 2026 yilgi Jahon chempionati yakunlanganidan so‘ng terma jamoadagi faoliyatidan bir muddat tanaffus qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda jurnalist Alberto Pereyro xabar berdi.
Kecha, 11 iyul kuni Jahon chempionati chorak finalida Ispaniyaga qarshi kechgan uchrashuvda (1:2) 34 yoshli darvozabon jarohat oldi va 71-daqiqada ko‘z yoshlari bilan maydonni tark etdi. Uning o‘rniga maydonga tushgan Senne Lammens esa Belgiyaning mag‘lubiyatiga olib kelgan hal qiluvchi xatoga yo‘l qo‘ydi.
“Men bir yillik tanaffus olib, keyin Jahon chempionatining saralash bosqichi hamda Yevropa chempionatida yana terma jamoa safida o‘ynashni xohlayman. Belgiya futbol federatsiyasi rahbariyati bu rejamni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘qmi, bilmayman”, dedi Kurtua.
Darvozabon bundan avval ham 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin milliy jamoadagi faoliyatini yakunlashi mumkinligini aytgan va buni jismoniy holati bilan izohlagan edi.
“Menimcha, yana to‘rt yil davomida shu sur’atda o‘ynashni davom ettira olmayman”, degandi u.
Ma’lumot uchun, Kurtua 2018 yildan buyon Madridning “Real” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U “qaymoqranglilar” safida uch marta Ispaniya chempioni, ikki karra Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi va Ispaniya Superkubogi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, u bir marta Ispaniya Qirol kubogi, FIFA Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati hamda Qit’alararo kubokni qo‘lga kiritgan.
Faoliyati davomida Kurtua Belgiyaning “Genk”, Angliyaning “Chelsi” va Ispaniyaning “Atletiko Madrid” klublari safida ham to‘p surgan.
U 2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida Belgiya milliy terma jamoasi bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan. Tibo Kurtua Belgiya milliy terma jamoasi safida jami 115 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Live
Barchasi