Ko‘rshapalak orqali tarqaladigan xavfli viruslar aniqlandi
Olam
−
25 iyun 4047 2 daqiqa
Xitoyning Yunnan provinsiyasidagi Endemik kasalliklarni nazorat qilish instituti olimlari ko‘rshapalakdan yangi ikki xil virusni aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot PLOS Pathogens ilmiy jurnalida chop etildi.
Ma’lum qilinishicha, viruslar ko‘rshapalaklardan topilgan bo‘lib, genetik jihatdan insonlar uchun xavfli sanalgan Nipah va Xendra viruslariga yaqin sanaladi. Ushbu viruslar odamda miyaning og‘ir yallig‘lanishi va nafas yo‘llari kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin.
To‘rt yil davom etgan tadqiqot doirasida mutaxassislar Yunnanning besh hududida yig‘ilgan 10 turdagi 142 ta ko‘rshapalakning buyrak to‘qimalarini o‘rgangan. Yuqori aniqlikdagi DNK texnologiyasi yordamida 22 ta virus aniqlangan, ularning 20 tasi ilgari fanga noma’lum bo‘lgan.
Eng katta xavotirni Henipavirus turkumiga mansub ikkita yangi virus uyg‘otgan. Aynan shu turkumga yuqori o‘lim ko‘rsatkichlari bilan tanilgan Nipah va Xendra viruslari ham kiradi. Aniqlangan yangi viruslar mevali ko‘rshapalaklardan topilgan bo‘lib, ular inson yashash joylariga yaqin bo‘lgan mevali bog‘lar atrofida uchraydi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bunday viruslar ko‘rshapalak siydigi orqali tarqalishi mumkin va ifloslangan mevalar orqali insonlarga yuquv xavfi mavjud.
Viruslardan tashqari, olimlar Klossiella yunnanensis deb nomlangan yangi bir hujayrali organizmni, shuningdek, Flavobacterium yunnanensis nomini olgan ilgari noma’lum bo‘lgan bakteriyani aniqlagan.
Tadqiqot mualliflari bu ish ilk marotaba Xitoydagi ko‘rshapalak buyraklaridan topilgan yangi viruslarning to‘liq genomini tavsiflash imkonini berganini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda ko‘rshapalaklarda COVID-19’ga o‘xshash yangi koronavirus aniqlangandi. Virus HKU5 koronavirusining yangi avlodi bo‘lib, Gonkongda ko‘rshapalaklar turi bo‘lgan yapon pipistrellesida aniqlangan.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr