“Ko‘ngillilar koalitsiyasi” Ukraina uchun xavfsizlik kafolati tayyorladi – Makron
Olam
−
04 Sentabr 2025 3154 2 daqiqa
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi” tarkibiga kiruvchi Yevropa davlatlari Ukraina uchun urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlarini tayyorlab qo‘ydi va ularni Kiyev va Moskva tinchlik bitimini imzolagandan keyin berishga tayyor bo‘ladi. Bu haqda kecha, 3 sentyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parijda ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiyni qabul qilayotganda ma’lum qildi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” harbiy rahbariyati Ukraina bo‘yicha Vashingtonda bo‘lib o‘tgan avgust sammitidan keyin birgalikda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini tayyorlagan.
“Mamlakatlarning bugun, tushdan keyin mudofaa vazirlari darajasida qat’iy maxfiylikda tayyorlangan, hujjatlashtirilgan va ma’qullangan hissalari bizga shunday deyishga imkon beradi: bu ish tugallandi va endi siyosiy ma’qullanadi”, dedi Fransiya Prezidenti.
Bugun, 4 sentyabr kuni Parijda gibrid rejimda bo‘lib o‘tadigan “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida ushbu kafolatlar muhokama qilinadi.
“Shundan so‘ng, biz Ukraina va yevropaliklar uchun mustahkam, uzoq muddatli tinchlikka tayyormiz, deb aytish mumkin bo‘ladi”, dedi Emmanuel Makron.
Vladimir Zelenskiy 3 sentyabr kuni Daniyadan Parijga bordi. U Daniyada Bosh vazir Mette Frederiksen bilan muzokaralar o‘tkazdi, shuningdek, Shimoliy va Boltiqbo‘yi davlatlari rahbarlari bilan sammitda ishtirok etdi. Parijda Makron bilan uchrashuvdan so‘ng Ukraina yetakchisi Fransiya Prezidentiga Ukrainani “kuchli qo‘llab-quvvatlagani” hamda “ko‘plab tashabbus va koalitsiyalarda yetakchilik qilgani” uchun minnatdorlik bildirdi.
“Prezident Makron bilan uchrashuvda biz ertaga bo‘lib o‘tadigan "Ko‘ngillilar koalitsiyasi” yetakchilarining uchrashuvi oldidan pozitsiyalarni muvofiqlashtirdik va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini muhokama qildik. Ishimiz Ukraina uchun kuchli xavfsizlik kafolatlarini olib kelishiga ishonaman. Biz hammamiz buning ustida ishlayapmiz”, deb yozdi Zelenskiy Telegram-kanalida.
Ukraina Prezidenti fransiyalik mavqedoshi bilan Ukrainaga keyingi harbiy yordamni ko‘rsatish, urushni tugatish uchun Rossiyaga sanksiyalar bosimining davom etishi, shuningdek, G‘arbda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish imkoniyatlarini ham muhokama qilganini qo‘shimcha qildi.
“Alohida e’tibor – Yevropa Ittifoqi tomon harakatimiz. Biz Fransiyaning bu boradagi yordamini qadrlaymiz”, deb yozdi Zelenskiy.
Live
Barchasi