Kumush narxi rekord darajada oshdi

Olam

image

Bugun, 10 dekabr kuni mart oyida yetkazib beriladigan kumush fyucherslari Comex birjasida 1,94 foizga qimmatlab, unsiya uchun 62,02 dollarga ko‘tarildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, kecha, 9 dekabr kuni savdolarda narx birinchi marta unsiya uchun 60 dollardan yuqoriga ko‘tarilgan. Kumushga bo‘lgan talabning o‘sishi bozordagi taklif tanqisligi va AQSH Federal rezerv tizimining pul-kredit siyosatini yanada yumshatishi haqidagi kutishlar bilan izohlanmoqda. Qimmatbaho metallar odatda past foiz stavkalari sharoitida o‘sishga moyil bo‘ladi.

Yil boshidan beri kumush narxi 100 foizdan ko‘proqqa oshgan, oltin esa 60 foizga qimmatlagan. Kept kompaniyasi tahlilchilarining aytishicha, kumushga talab AQSHning navbatdagi bojxona bojlari va geosiyosiy omillar tufayli global bozorlarda kuchaygan noaniqlik fonida oshgan. AQSH Federal rezervi foiz stavkasini pasaytirishi kutilayotganligi va metallar uchun sarmoyaviy qiziqishning saqlanib qolishi ham kumush narxini qo‘llab-quvvatlagan.

Kept tahlilchilarining baholashicha, garchi kumush qo‘shimcha mahsulot sifatida olinadigan yirik polimetall va qalay-rux konlarida qazib olishning oshishi kutilayotgan bo‘lsa-da, kumush bozori 2025 yilda ham ketma-ket beshinchi yil kamomadda qoladi.

“Freedom Finance Global” tahlilchilari kumushning o‘sish omillari hanuz dolzarbligicha qolayotganini qayd etmoqda: global kumush bozori tanqisligi kuchayib bormoqda va ekspertlar bahosiga ko‘ra, bu dunyo miqyosidagi taklifning taxminan 16 foizini tashkil etadi. Bu sanoatdagi barqaror talab o‘sishi hamda qimmatbaho metalni qazib chiqarishni oshirish imkoniyatlarining cheklanganligi bilan bog‘liq.

BNP Paribas banki eksperti Devid Uilsonning aytishicha, kumush narxining so‘nggi uch hafta ichida taxminan 20 foizga ko‘tarilganini inobatga olganda, korreksiyani kutish mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi. Ammo bozordagi juda kuchli ijobiy kayfiyat fonida hatto ayrim ishtirokchilar narxning unsiya uchun 100 dollargacha o‘sishini aytayotgani kumush bozoridagi o‘sish impulsining saqlanib qolishi ehtimoli yuqori ekanini qo‘shimcha qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

birja Kumush untsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing