Kuman Niderlandiya murabbiyligidan ketdi
Sport
−
10:22 1805 2 daqiqa
Niderlandiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ronald Kuman 2026 yilgi Jahon chempionati yakunlanganidan so‘ng, o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda mamlakat futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassis ijtimoiy tarmoqda e’lon qilgan murojaatida terma jamoadagi ikkinchi faoliyatiga yakun yasashga qaror qilganini bildirdi.
“Kecha kechqurun Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi sifatidagi faoliyatimni yakunlashga qaror qildim. Albatta, men bu sahifani Jahon chempionligi bilan yopishni istardim. Afsuski, bu orzuim ushalmadi. Ammo eng muhimi – men faxrlanaman. Futbol menga bergan barcha narsalardan, yo‘limda uchratgan insonlardan va eng katta ishtiyoqimni kasbga aylantira olganimdan mamnunman”, deb yozdi Kuman.
Niderlandiyalik murabbiy shuningdek futbolchilarga, murabbiylar shtabiga, Niderlandiya Qirollik futbol assotsiatsiyasiga, milliy jamoa xodimlariga, faoliyati davomida ishlagan klublariga hamda muxlislarga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Kuman murojaatida rafiqasi Bartina og‘ir kasallikni boshidan kechirganini ham eslab o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, aynan shu davr – hayotda sog‘liq har qanday futbol natijasidan ustun ekanini yana bir bor anglatgan.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining 1/16 final bosqichida Marokashga qarshi bahsda asosiy va qo‘shimcha vaqtni 1:1 hisobida yakunlagan, penaltilar seriyasida esa 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan edi.
Ronald Kuman esa, Niderlandiya terma jamoasini ikkinchi marta 2023 yildan buyon boshqarib kelayotgan edi.
Live
Barchasi