188 yilda qurilgan Fransiya ramzi Notr-Dam de Pari 15 soatda kulga aylandi
Bu qiziq
−
16 aprel 2019
20841Kecha, 15 aprel kuni Parijdagi Notr-Dam de Pari ibodatxonasi yirik yong‘in natijasida yonib ketdi. 15 soat alanga ichida qolgan sobor Bibi Maryam ibodatxonasi nomi bilan ham mashhur. Mazkur me’moriy obida XII asrda qurilgan. Quyida ibodatxonaning tarixi va Fransiya uchun ahamiyati haqida so‘z yuritamiz.
Notr-Dam de Pari – Parij va Fransiyaning hatto Yevropaning ham ramzlaridan biri, o‘rta asr arxitekturasi durdonasi va gotika me’morchiligining yorqin namunasi, shuningdek, Viktor Gyugoning “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” romanining to‘laqonli ishtirokchisi hamdir.
Parij shahriga asos solingan miloddan avvalgi 53 yilda Notr-Dam de Parining o‘rnida qurbonlik keltiriladigan altar bo‘lgan. U vaqtlarda Parij ham Lyutetsiya deb nomlangan. To Notr-Dam de Pari qurilguncha, uning o‘rnida bir necha bor kichik ibodatxona, xristianlar cherkovi barpo etilgan. Ammo vaqt o‘tib, aholi soni ko‘paygach, mavjud ibodatxona talabga javob bermay qolgan.
Notr-Dam de Parini qurish tashabbusi Parij yepiskopi Moris de Syulli tomonidan bildirilgan. 1163 yilda yepiskop katta ibodatxona tamal toshini qurish uchun Parijga Rim Papasi Aleksandr III ni taklif qilgan. Asosiy qurilish ishlari 19 yil davom etgan va ibodatxona ishga tushirilgan. Unda oliy darajali tadbirlar ham o‘tkazilgan. Ammo qurilish ishlari yana bir asrdan ortiqroq davom etgan.
Masalan, 1185 yilda soborga Quddus katolik patriarxi Gerakliy tashrif buyurgan. 1099 yilda Quddus shahri Birinchi salib yurishlari natijasida egallangach, ibodatxona huzurida Rim Papasiga bo‘y sunuvchi hududiy bo‘linma tashkil etilgan. XII asr oxirida Misr sultoni Saloh ad-Din hujumi natijasida Quddus qirolligi qulagan. O‘shanda Gerakliyning Parijga taklif qilinishi Fransiyaning Iso Payg‘ambar qabri uchun kurashda qanchalik sobit ekanligining ramziga aylangan.
1351 yil Notr-Dam de Pari qurilishi rasman yakunlangan sana hisoblanadi. Uning butunlay qurib bitkazilishiga jami 188 yil ketgan. Notr-Dam de Pari o‘sha ko‘rinishda XVIII asrning birinchi choragigacha saqlanib qolgan. Qirol Lyudovik XIII (1601-1643 yy) merosxo‘r dunyoga kelishi munosabati bilan ibodatxonaga yangi altar qurib, uni qayta bezashga va’da bergan. Biroq bu ish uning o‘g‘li davrida amalga oshirilgan. 1708-1725 yillarda sobor altari to‘la yangilangan.
Notr-Dam de Pari Fransiya tarixidagi eng muhim voqealarning guvohi va hatto, ishtirokchisi hamdir. Unda qirollik oilasi vakillarining to‘ylari o‘tkazilgan. Ammo toj kiydirish marosimi an’anaviy tarzda Reymsda amalga oshirilgan.
Sobor tarixiy voqealar maydoniga ham aylangan. 1302 yilda Notr-Damda Fransiya Parlamenti tuzilishi e’lon qilingan. 1456 yilda esa ibodatxonada “Orlean qizi” – Janna d’Ark sud qilingan.
Sobordan dushmanlarni yo‘q qilish uchun ham foydalanilgan. 1229 yilda ibodatxona darvozasi oldida cherkovdan ajratib qo‘yilgan mustaqil Tuluza grafligining so‘nggi hukmdori Raymund o‘z gunohlariga tavba qilgan.
Notr-Dam de Pari qurilganidan beri bir qancha talafotlarga uchragan. Masalan, Buyuk Fransuz inqilobi davrida uni buzib tashlash niyatidagi odamlar ham bo‘lgan. 1789 yilda Maksimilian Robesper o‘z dekretlaridan birida parijliklardan ibodatxonani saqlab qolish uchun maxsus soliq to‘lashlarini talab qilgan. Inqilobchilar o‘z maqsadida jiddiy ekanini ko‘rsatish uchun soborning minorasini buzib tashlagan. Shu bilan masalaga yakun yasalmagan. 1793 yilda ibodatxona cherkovdan olib qo‘yilgan va unda diniy bo‘lmagan tadbirlar o‘tkazish avj olgan.
1794 yilda Robesper hokimiyatdan ag‘darilgach, cherkovni ta’qibga olish to‘xtagan. Ammo Notr-Dam cherkovga qaytarilmagan. Bu ishni 1802 yilda Fransiyaning bir umrlik Birinchi konsuli Napoleon Bonapart amalga oshirgan. Keyinroq 1804 yilda Notr-Damda Napoleonning toj kiydirish marosimi o‘tkazilgan. Shu tariqa Napoleon fransuz qirollarining ko‘p asrlik Reymsga borib toj kiyish an’anasini buzgan.
Toj kiydirish marosimida yana bir qiziq voqea yuz bergan. Bo‘lajak imperator Napoleon Rim Papasi Piy VII ning qo‘lidan tojni olib o‘ziga kiydirgan, keyin o‘zining va turmush o‘rtog‘i Jozefina Bogarnening boshiga gulchambar qo‘ygan.
XIX asrda Notr-Dam de Pari qayta tug‘ilgan deyish mumkin. O‘sha davrga kelib ibodatxona ko‘rganda yig‘lagulik ahvolga kelib qolgan. Burbonlar sulolasi davrida soborni birinchi marta to‘la qayta ta’mirlash e’lon qilingan. Biroq ibodatxonaning xarob ahvolini ko‘rgan parijliklar uni buzib, o‘rniga yangi bino qurishni taklif qilgan. O‘shanda soborning himoyachilari ham topilgan. Ulardan biri buyuk yozuvchi Viktor Gyugo edi. U o‘zining “Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi” romani bilan fransuzlarni millatning madaniy merosini saqlab qolishga ruhlantirgan.
Oxir-oqibat 1841 yilda soborni restavratsiya qilish uchun tanlov e’lon qilingan va 1844 yilda 25 yil davom etgan ta’mirlash ishlari boshlangan. Tanlovda Jan-Batist Lass va Ejen Violle-le-Dyuk g‘alaba qozongan. Ularga Buyuk Fransuz inqilobi davrida xarobaga aylangan ibodatxonani ta’mirlabgina qolmay, unga qayta ishlov berish talabi qo‘yilgan. O‘shanda binoning imorati kattaroq va hashamatliroq qilib qayta qad rostlagan.
XIX asr o‘rtalarida sobor rasman Fransiya va Parijning bosh ibodatxonasi maqomini olgan.
XX asrda Notr-Dam de Pari mamlakat hayotida yangi vazifani bajara boshlagan. Endi u yerda Fransiya qahramonlarini xotirlashar va so‘nggi manzilga kuzatishardi. Bu yerda yozuvchilar Moris Barres va Pol Klodel, marshallar Ferdinand Fosh va Jozef Joffr, sobiq prezidentlar Raymon Puankare va Fransua Mitteran, okeanshunos Jak-Iv Kusto va boshqa ko‘plab mashhur insonlar so‘nggi manzilga kuzatilgan. Soborda generallar Sharl de Goll va Leklerkaning Parijni ozod qilishi va G‘alaba kuni qutlangan hamda Fransiya madhiyasi “Marseleza” qo‘shig‘i kuylangan.
Sobor dunyo tarixidagi ikki Jahon urushini deyarli talafotsiz o‘tkazgan. Vaholanki, Birinchi jahon urushi vaqtida Parij og‘ir artilleriya qurollari bilan o‘qqa tutilgan, Ikkinchi Jahon urushida havodan bombalangan. Aslini olganda, bu davrga kelib ibodatxona yana ta’mir talab bo‘lib qolgandi.
XXI asrda Notr-Dam de Pari qurilganiga 2013 yilda 850 yil to‘lishi munosabati bilan qayta ta’mirlangan. Unga yangi qo‘ng‘iroq va ko‘zdan yashirin elektr simlari o‘tkazilgan. Shu bilan binoni yoritish tizimi o‘zgargan. O‘shanda ta’mirlash ishlarini soborning yubileyiga bitirishning iloji bo‘lmagan. Cherkov tarixiy obidani ta’mirlash uchun 100 mln yevro kerakligini aytgan. Bundan tashqari, sobor mehmonlar uchun yopilmagan. Bu ishlar davriy olib borilishini talab qilgan. Cherkov aytgan pulning yig‘ilishi ham oson ish emasdi. Buning uchun favqulodda bir holat yuz berishi kerak edi. Shunday bo‘ldi ham: Notr-Dam de Pari yonib ketdi.
Endilikda uni qayta qurish uchun 100 mln yevro kifoya qilmaydi. Yong‘inda soborning asosiy qismi saqlab qolingan bo‘lsada, ibodatxoning tomi va minorasi yonib kulga aylandi. Yong‘in yetkazgan zarar hali hisoblab chiqilmagan. Ammo bir narsa aniqki, Notr-Dam de Pari uchun Buyuk Fransuz inqilobi davridan anchayin yomon kunlar keldi.