Kukurelya nima sabab soch o‘stirishini aytdi
Sport
−
24 iyul 1792 2 daqiqa
Ispaniya terma jamoasi va “Real Madrid” himoyachisi Mark Kukurelya autizmga chalingan o‘g‘li Mateo uni maydonda tanib olishi oson bo‘lishi uchun sochini o‘stirganini aytdi. Bu haqda “20 Minutos” nashri xabar berdi.
“Mening autizmga chalingan o‘g‘lim bor. Qani endi umuman pulim bo‘lmaganida edi, ammo o‘g‘lim sog‘lom bo‘lganida. Men sochimni o‘stiraman, chunki u buni yoqtiradi va agar meni unutib qo‘ysa ham, sochlarim orqali tanib oladi”, deydi futbolchi.
Mateoga 3 yoshida autizm tashxisi qo‘yilgan. Futbolchining rafiqasi Klaudiya Rodriges qo‘llab-quvvatlash, topish qanchalik qiyin bo‘lganini esladi. Kukurelya esa bu holatni quyidagicha izohladi:
“O‘g‘lingiz qiynalayotganini ko‘rasiz, ammo unga qanday yordam berishni bilmaysiz”.
Hozirda Kukurelyaning oilasi Londonda, u o‘g‘li Mateo uchun mos maktab topgan. Uning har bir kichik yutug‘i oilasi uchun katta quvonchga aylangan.
Futbolchining ta’kidlashicha, autizmga chalingan o‘g‘lini tarbiyalash uning faoliyatiga ham ta’sir qilgan.
“Qaysi klub menga qiziqish bildirmasin, birinchi navbatda o‘sha yerda Mateo uchun mos maktab va terapiya imkoniyatlari bor-yo‘qligini tekshiramiz”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Kukurelya joriy yilning 15 iyun kuni “Chelsi”dan “Real Madrid”ga o‘tdi. U 2022 yildan buyon London klubida to‘p surib, 2025 yili Konferensiyalar ligasi hamda Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
2026 yilgi Jahon chempionatida himoyachi Ispaniya terma jamoasining 8 ta o‘yinining barchasida maydonga tushdi, 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi va jamoasiga tarixdagi ikkinchi jahon chempionligini qo‘lga kiritishga yordam berdi. Shuningdek, u Rodri va Pedro Porro bilan birga FIFA tomonidan turnirning eng yaxshi ramziy jamoasiga kiritildi.
Live
Barchasi