Kuchaytirilgan bosim: YeI ilk bor Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bir yilga uzaytirdi

Olam

image

Kecha, 18 iyun kuni Yevropa Ittifoqi yetakchilari Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiyaga qarshi sektorli sanksiyalarni avvalgi kabi 6 oy emas, balki bir yil muddatga uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Nashrning yozishicha, qabul qilingan qarorga ko‘ra, YeI tarixida birinchi marta Rossiyaga qarshi sektorli sanksiyalar 12 oylik muddatga uzaytirilmoqda. Shu vaqtgacha mazkur cheklovlar har olti oyda qayta ko‘rib chiqilar edi.

“Euronews” nashriga ko‘ra, sanksiyalarni bir yilga uzaytirish Ukraina uchun ko‘proq barqarorlik va aniqlikni ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Shu bilan birga, alohida shaxslarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar har olti oyda qayta ko‘rib chiqilaveradi.

Avvalroq, Yevropa komissiyasi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini tayyorlayotganini ma’lum qilgan edi. Yangi cheklovlar Rossiya banklari, harbiy-sanoat majmuasi hamda harbiy xizmatchilariga taalluqli bo‘ladi. Shuningdek, YeIning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan 632 ta kemaga qo‘shimcha ravishda yana 30 ta kema qo‘shilishi rejalashtirilgan.

Aprel oyida YeI Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini tasdiqlagan bo‘lib, undan jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek neft-gaz hamda mudofaa sohasidagi qator korxonalar o‘rin olgan edi.

Iyun oyi o‘rtasida esa Yevropa Ittifoqi Rossiyaning yana 81 nafar figurantiga — 34 kishi va 47 tashkilotga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ushbu cheklovlarni asosiy 21-paket oldidan qabul qilingan oraliq «mini-paket» deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiya—Ukraina urushi bo‘yicha ehtimoliy muzokaralarga zamin yaratish maqsadida Kreml bilan norasmiy aloqalar o‘rnatgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing