Kuba Prezidenti Trampga bo‘yin egmasligini aytdi

Olam

image

Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes AQSH Prezidenti Donald Trampning bosimlariga bo‘yin egmasligini va hali iste’foga chiqish niyati yo‘qligini bildirdi. Bu haqda u kecha, 9 aprel kuni NBS News’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Dias-Kanel Kommunistlar partiyasi hukmronlik qiladigan Kubani o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘lgan erkin va suveren davlat deb ta’riflagan. Shuningdek, u orol AQSH rejalariga bo‘ysunmasligini qo‘shimcha qilgan.

“Kubada rahbarlik lavozimlarida o‘tirgan odamlar AQSH hukumati tomonidan saylanmaydi. Mamlakatimiz o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘lgan erkin va suveren davlatdir. Hech qanday tashqi omil yoki tahdidlar Kubaning o‘zini-o‘zi boshqarish vakolatlarini cheklab qo‘ya olmaydi. Biz AQSH hukumatining bosimlariga bo‘yin egmaymiz. Men mustaqil Kuba davlatining qonuniy Prezidenti sifatida mamlakatimga bosim o‘tkazayotgan kuchlarga qarshilik ko‘rsatishga va’da beraman. Hali iste’foga chiqish niyatim yo‘q. Bizning lug‘atimizda iste’fo degan so‘z yo‘q!” deydi Kuba rahbari.

Qayd etish joiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z chiqishlarida Dias-Kanelni mamlakatni boshqara olmaydigan no‘noq rahbar sifatida ayblab, uni zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qilgan yedi. Shuningdek, Tramp agar xohlasa, bir kechada uni hokimiyatdan ag‘darib tashlashini, ammo buni xohlamasligini bildirgan. Tahdidlar ayniqsa, joriy yilning yanvar oyida AQSH xarbiylari Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni o‘g‘irlaganidan so‘ng yanada avj olgan.

Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Maduroning o‘g‘irlanishidan so‘ng “Navbatda Kolumbiyami yoki Kuba?” deya tahdidli post qoldirgan.

“Bu buyuk armiyani men quryapman. Men o‘zimga uni ishlatmasligimni aytdim. Lekin ba’zida uni ishlatishim zarur bo‘lgan vaziyatlar yuzaga keladi. Navbatdagi davlat ehtimol, Kuba bo‘lar”, deb yozgan Oq uy rahbari. 

Shundan so‘ng, AQSH orolga neft blokadasini joriy etdi va Kubaga neft sotadigan har qanday davlatga bojlar bilan tahdid qilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Migel Dias-Kanel amerikalik kongressmenlar bilan muzokaralar o‘tkazib, AQSH bilan muloqotga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tramp Kuba Prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing