“Krokus”dagi terakt Tojikiston imijiga jiddiy putur yetkazdi – Rahmon (video)
Olam
−
10 may
9063Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon “Krokus Siti Holl”da sodir bo‘lgan terakt o‘z mamlakati obro‘siga jiddiy putur yetkazganini aytdi. Bu haqda u kecha, 9 may kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan suhbatda so‘z ochdi.
Uning fikricha, terrorizmga qarshi hamma joyda birgalikda kurashish kerak.
“Ikki mamlakat razvedka xizmatlari o‘tgan yillarda yaxshi ishlagan, ammo afsuski, “Krokus Siti Holl”da fojia yuz berdi”, deydi Prezident.
Rahmonning aytishicha, Tojikiston 30 yildan ortiq terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashib keladi va bu muammoni bevosita biladi.
“Tojiklar qadimiy tarix, madaniyat va sivilizatsiyaga ega qadimiy xalqdir. Bo‘lib o‘tgan voqea, albatta, biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Bu esa xalqimizning qiyofasiga, tarixiga, madaniyatiga, urf-odatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Biz bu borada siz bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Rahmon.
Shuningdek, u terrorizmning millati ham, dini ham yo‘qligini yana bir bor ta’kidlagan.
“Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga kelsak, siz bizning pozitsiyamizni 30 yildan ortiq vaqtdan beri bilasiz. Bizning pozitsiyamiz shunday: biz terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda ikki tomonlama standartlarga qarshimiz. Terrorizmning millati ham, dini ham yo‘q”, deydi Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dushmanlar davlatlar o‘rtasida janjal chiqarishni xohlashiga qaramay, Rossiya Tojikiston uchun strategik hamkor va ittifoqchi.
Bundan tashqari, Rahmon Vladimir Putinni mehnat muhojirlari masalasini muhokama qilishga taklif qilib, bu mavzuni nozik deb atagan.
O‘z navbatida, Putin Rossiya va Tojikiston razvedka xizmatlari umumiy tahdidlarni, jumladan, terrorizmni to‘xtatish uchun faol ishlayotganini aytgan.
“Bu ish yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, hamkasblar bir-biri bilan yaqin aloqada. Siz va men bu ishni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Putin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 may kuni Moskva shahrida G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Unda Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston yetakchisi Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon , Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel Bermudes, Laos Prezidenti Tongloun Sisulit, Gvineya-Bisau Respublikasi Prezidenti Sisoku Embalo qatnashdi.
LiveBarchasi