Ravshan Ermatov, O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi va Odil Ahmedov namanganlik muxlislar bilan uchrashdi

Sport

photo_2020-03-06_21-13-08

O‘zbekiston milliy chempionati uchrashuvlariga muxlislar qiziqishini orttirish, stadionlarga muxlislar tashrifini ko‘paytirish, ishqibozlar o‘rtasida muxlislik madaniyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator sa’yi-harakatlar amalga oshirilmoqda.

Kecha, 6 mart kuni Namangan shahrida futbol ishqibozlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov hamda terma jamoa sardori Odil Ahmedov ishtirok etdi.

Samimiy va ochiq ruhda o‘tgan uchrashuv davomida o‘zbek futbolining kechasi va buguni, mavjud kamchilik hamda muammolar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, ishqibozlarni qiynayotgan masalalar, o‘zbek futbolining yaqin kelajak rejalari muhokama etildi.

Muloqot davomida ishqibozlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. O‘zbek futbolini rivoji uchun o‘z taklif hamda mulohazalarini bildirishdi.

Milliy terma jamoa ustozi Vadim Abramov Namanganda “millionlar o‘yini”ning ashaddiy ishqibozlari juda ham ko‘p ekanini ta’kidlab, turli yoshdagi O‘zbekiston milliy jamoalarning o‘yinlari Namangan shahrida ham o‘tkazilishidan mamnun bo‘lishini bildirdi. Odil Ahmedov esa milliy jamoa safida maydonga tushadigan har bir futbolchi muxlislar oldidagi mas’uliyatini chuqur his etishini, yigitlar har bir uchrashuvda ishqibozlarni xushnud etish uchun bor kuch-mahoratlarini ishga solishlarini aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, Ravshan Ermatov muxlislar bilan bu kabi samimiy muloqotlar tez-tez o‘tkazib borilishini ta’kidladi va O‘FA o‘zbek futboli ravnaqi yo‘lida ishqibozlarning takliflarini eshitishga hamisha tayyorligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'FA Ravshan Ermatov Odil Ahmedov Navbahor Vadim Abramov Muxlislar

Baholaganlar

162

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing