Kriminogen sport dayjesti
Tahlil
−
10 dekabr 2023
12188Qo‘lga olingan Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, qidiruvda deyilayotgan Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti, fohishaxonalar mijozlari ro‘yxatidan nomi topilgan taniqli sportchi va boshqa bir qator muhim mavzular bugun diqqat markazida. Assalomu Alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti
Toshkentda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatlarning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar davomida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliyev huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda va jamoatchilik orasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Salim Abduvaliyevga nisbatan qanday ayb qo‘yilayotgani va ayblov sud tomonidan tasdiqlansa qanday jazo olishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, 1950 yilda tug‘ilgan Salim Qirg‘izboyevich Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-modda (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi (Tegishli litsenziyalarsiz yoki ruxsatnomalarsiz o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini ishlab chiqarish, ta’mirlash, olish, saqlash, olib yurish, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, shuningdek portlovchi moddalarni, portlatish vositalarini yoki portlatish qurilmalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish, olish, saqlash, tashish, ulardan foydalanish) bo‘yicha gumon qilinuvchi tarzida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.
Agar tergov jarayoni yakunlanib, ish sudga oshirilib, Abduvaliyev Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismida bayon etilgan jinoyatni sodir etgani tasdiqlansa, u bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha (1 dekabrdan amaldagi BHM bo‘yicha – 17 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
JKning 15-moddasi (Jinoyatlarni tasniflash) talablaridan kelib chiqilsa, JKning 248-moddasi 1-qismi uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat hisoblanadi.
JKning 50-moddasi (Ozodlikdan mahrum qilish)da esa qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazo qonunchilikka muvofiq yoshga doir pensiyaga chiqish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayinlanmaydi.
Toshkent shahar IIBB joriy haftada “Saidaziz medgorodok” nomi bilan tanilgan Saidaziz Saidaglamovich Saidaliyev, “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, “Buzruk” nomi bilan tanilgan Buzruk Buzrukov qo‘lga olinganini e’lon qildi.
Ijtimoiy tarmoqlar va odamlar orasida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti – Xalqaro boks kengashi (WBC) oliy kengashi a’zosi G‘ofur Rahimov qidiruvga berilgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotni tasdiqlatish uchun ichki ishlar organlaridagi manbasi bilan bog‘landi.
Manbaning ma’lum qilishicha, G‘ofur Rahimov haqida tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatdan yiroq, u qidiruvga berilmagan.
Tarmoqda aytilayotgan gaplarga qaraganda, Rahimov O‘zbekistonni tark etgan va qidirilmoqda. QALAMPIR.UZ’ning huquq-tartibot organlaridagi manbasi esa buni rad etmoqda.
Ayni vaqtda esa ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda G‘ofur Rahimov Toshkentda bo‘lib turgani, oilasi bilan emin-erkin yashayotganini dalillovchi videolar tarqalmoqda.
Ikki videoda Rahimov Toshkentdagi “Oloy” va “Chorsu” bozorlarida savdo qilayotgani aks etgan bo‘lsa, yana bir tasvirda u rafiqasi bilan restoranlardan birida qahva ichayotganini ko‘rish mumkin.
G‘ofur Rahimov 72 yoshda. U Vikipediya ma’lumotlarida jinoiy guruh boshlig‘i sifatida qayd etilgan.
2012 yilda AQSH Federal qidiruv byurosi Rahimovning biznesi bilan qiziqib, o‘zbekistonlik tadbirkorni sobiq SSSR davlatlaridan kelgan jinoyatchilarni o‘z ichiga olgan “Birodarlar doirasi” jinoiy guruhi yetakchilaridan biri deb hisoblagan.
AQSH Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida Rahimovning jinoyat olamidagi ishtirokiga ishora berilgan.
O‘zbekistonda qimor o‘yinlari ta’qiqlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan O‘zbekistonda onlayn qimor o‘yinlari ishtirokchilarining kartalaridan transchegaraviy o‘tkazmalar taqiqlanadi.
30 noyabr kuni “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi prezident qarori imzolangandi.
Unga ko‘ra, mablag‘larni oluvchi tomonidan qimor o‘yinlari tashkil etish va o‘tkazish faoliyati hamda kapital harakati operatsiyalari amalga oshirilayotgani to‘g‘risidagi to‘lov tizimining operatsiya kodi yoki boshqa identifikatorlar belgilangani haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lganda, tijorat banklari tomonidan bank kartasi yordamida O‘zbekiston tashqarisida joylashgan mablag‘larni qabul qiluvchiga transchegaraviy o‘tkazish taqiqlanadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligining murojaatlari asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qonunga xilof ravishda qimor o‘yinlarida qatnashish hamda kapital harakati operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi Internet tarmog‘idagi axborot resurslari belgilangan tartibda O‘zbekiston qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i reyestriga kiritiladi.
Fohishaxonalar mijozlari ro‘yxatidan taniqli sportchining nomi topildi
Qozog‘istonlik erkin kurashchi Erali Abdrashevning nomi joriy yilning iyun oyida qo‘lga olingan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, “VIP sutenyor mijozlari ro‘yxati”dan topildi. Bu haqda “Meta-ratings.kz” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, ro‘yxatda sportchidan tashqari, telefon raqamlari ko‘rsatilgan 300 ga yaqin ism bor. Abdrashevdan tashqari, ro‘yxatda qozoq san’ati vakillari, xavfsizlik xizmati xodimlari, amaldor va biznesmenlar nomini ham ko‘rish mumkin.
Ro‘yxat “VIP sutenyor” “Love Aika” sahifasi egasining telefonidan topilgan. Mamlakatdagi reydlar davomida “Love Aika” sahifasii egasi hibsga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, “Love Aika” yopiq ijtimoiy tarmoqlar orqali badavlat erkaklarga intim xizmat ko‘rsatish va eskortlik qiluvchi model qizlar ishtirokida “ziyofatlar” tashkil etish bilan shug‘ullangan.
6 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Olmaotada aylanmasi 209 million tenge (453 ming AQSH dollari)dan ortiq bo‘lgan elita eskortlarning “yopiq” ijtimoiy tarmoqlari tugatilgani haqida xabar berdi.
4 dekabr kuni Abdrashevning o‘zi holatga izoh berdi.
“Bu ro‘yxatga qanday kirganimni bilmayman. Men hech qachon bunaqa xizmatlardan foydalanmaganman. Ismimni asossiz ravishda obro‘sizlantirganlardan ariza yozib, ma’naviy zarar undirishni talab qilmoqchiman. Aybdorlar qonun doirasida to‘liq jazolanishi kerak”, deydi Abdrashev.
Ma’lumot uchun, Erali Abdrashev 1992 yilda Ostonada tug‘ilgan. Sportchi bir nechta xalqaro musobaqalarda Qozog‘iston sharafini himoya qilgan. U 2019 yilgi Osiyo chempionatida 92 kg vazn toifasida 6-o‘rinni egallagan.
LiveBarchasi