Kriminal avtoritet “Kolya Qirg‘iz” o‘ldirildi
Olam
−
05 Oktabr 2023
24356Qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) Bishkekda o‘ldirildi. Bu haqda “24kg” nashri mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib xabar berdi.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhlarning faol a’zolari va ularning yetakchilariga nisbatan tadbirkorlar mulkini o‘ta yirik hajmda noqonuniy tortib olish bo‘yicha bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Qamchibek Ko‘lboyev "Doo" laqabli Chingiz Jumagulovning o‘ldirilishida ishtirok etganlikda gumon qilingan edi.
Kecha, 4 oktyabr kuni Qamchibekning joylashuvi aniqlangan. Uni qo‘lga olish uchun borgan Milliy xavfsizlik xodimlariga qurolli qarshilik ko‘rsatilgan.
“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlarining hayoti va sog‘lig‘iga o‘qotar qurollar bilan tajovuz qilgan Qamchibek Ko‘lboyevga javob o‘qi uzilgan. Mazkur holat yuzasidan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining “uyushgan jinoiy guruh tuzish”, “qonunga xilof qurol savdosi”, “o‘ldirishga urinish” moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tezkor tergov harakatlari olib borilmoqda, shifokorlar Qamchibek Asanbek olgan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etganini tasdiqladi. MXX xodimlari va tinch aholi vakillaridan jabrlanganlar va jarohatlanganlar yo‘q”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bayonotida.
Boshqarma ushbu faktga aloqador Qamchibek Asanbek guruhi barcha vakillarining harakatlariga ham huquqiy baho berilishini bildirgan.
Qamchibek Asanbek Qirg‘iziston va MDHdagi eng nufuzli "vorzakon"lardan biridir. Taxallusi – “Kolya Qirg‘iz”.
Qayd etilishicha, u narkotik biznesi, qurol-yarog‘ savdosi, tovlamachilik, qora ko‘chmas mulk, talonchilik, avtomashina o‘g‘irlash, banditizm, pul yuvish, davlat mulkini o‘g‘irlash va buyurtma asosida qotillik qilish bilan shug‘ullangan. U Qirg‘izistondagi millionerlardan biri edi.
2020 yildan beri Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi kriminal avtoritetni bir necha bor hibsga olgan. “24kg” xabariga ko‘ra, 2023 yilning avgustida Qamchibek Ko‘lboyevga nisbatan jinoyat ishi da’vo muddati o‘tgani sababli tugatilgan.
Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozog‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzishda gumon qilingan.
LiveBarchasi