“Kremniy vodiysining yovuz odami”. Xodimlari Ilon Maskdan nega buncha qo‘rqadi?

Bu qiziq

image

Tesla xodimlari Ilon Maskning kayfiyati yomon bo‘lsa, u bilan uchrashishdan qo‘rqishlarini tan olishdi. Milliarderning qo‘l ostida ishlovchilar uning g‘azabiga yo‘liqib qolmasliklari uchun uning ijtimoiy tarmoqlarini doimiy ravishda kuzatib borishlariga to‘g‘ri keladi. Tadbirkorning o‘zi esa xodimlarini sevishini va ularga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini aytadi.

Ilon Mask minglab xodimlarni ish bilan ta’minlaydigan SpaceX va Tesla kabi yirik texnologik kompaniyalarning bosh direktori hisoblanadi. U ko‘plab ilg‘or g‘oyalarning muallifi, ajoyib muhandis va vizioner sifatida tanilgan. Biroq gohida OAVda Maskning qo‘l ostida ishlovchilar undan qo‘rqib turishi haqida ma’lumotlar bo‘y ko‘rsatib qoladi.

Yaqinda “Vanity Fair” jurnalida chiqqan maqolada uni “Kremniy vodiysining o‘zini sevadigan yomon odami”, deya atashdi.

Mask bir vaqtning o‘zida ikkita yirik korporatsiyani boshqaradi. Ma’lum bo‘lishicha, Tesla xodimlari SpaceX’da bo‘layotgan voqealarga e’tibor berishadi yoki ular bularga. Chunki milliarderning kayfiyati kompaniyalardagi vaziyatga bog‘liq.

“SpaceX raketasi parvozi o‘tadigan kunlarda Tesla kompaniyasining barcha xodimlari bu ish muvaffaqiyatli o‘tadimi yoki yo‘qligini kuzatib borishadi. Biz buni raketalarga qiziqqanimiz uchun emas, balki bu Ilonning keyingi bir necha kundagi kayfiyatiga bevosita ta’sir qilgani uchun qilamiz”, deydi Tesla’ning nomini sir saqlashni so‘ragan menejerlaridan biri.

Xodim, shuningdek, raketa startida biron bir nosozlik yuz bersa, Mask bilan gaplashishni istamasligini qo‘shimcha qilgan. Ammo, agar SpaceX ishga tushirilishi yaxshi bo‘lsa, u holda Tesla ushbu imkoniyatdan foydalanib, bosh direktordan kattaroq byudjetni undirishga harakat qiladi.

Xodimlar har kuni o‘z xo‘jayinlarining Twitter’dagi akkauntini tekshiradi, chunki Ilon Maskning ehtiyotsiz tvitlari unga bir necha bor katta muammo tug‘dirgan. Bunga yo‘q joydan chiqadigan sud jarayonlari ham misol bo‘la oladi.

“Biz uyg‘onganimiz zahoti uni ko‘zdan kechiramiz (Twitter-akkaunt nazarda tutilyapti – tahr): “Ey Xudo, endi nima bo‘ladi?”. Biz haqiqatan ham u yerda nimani ko‘rishni bilmaymiz”, dedi Maskning sobiq xodimlaridan biri.

Biroq Ilon Maskning o‘zi xodimlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishini ta’kidlab keladi.

“Vanity Fair”da o‘zi haqida maqola e’lon qilingach, Mask Twitter’da yana bir post joylashtirdi.

“Men juda yaxshi ko‘radigan va hurmat qiladigan insonlar bilan ishlash – haqiqiy sharafdir. Men o‘zimni sharaflangan deb his qilyapman”, deb yozgan edi o‘shanda Mask.

Ko‘pgina xodimlar Ilon Maskning kutilmagan g‘azabini eslaydi: u shunchaki boshqalarga baqira boshlaydi va hammani ahmoq, deb ataydi.

“Agar siz biron bir narsani noto‘g‘ri aytgan bo‘lsangiz yoki ishda xato qilgan bo‘lsangiz, u darhol sizni ahmoqqa chiqaradi va hech narsa uni bunday deyishdan qaytara olmaydi”, dedi Maskning xodimlaridan biri.

Nima bo‘lgan taqdirda ham boshliq va xodimlar o‘rtasida bunday munosabatlarni har bir korxona, kompaniya va yoki tashkilotlarda uchratish mumkin. Muhimi oltin qoidani unutmaslik zarur – har bir qilinayotgan ish yurakdan bajarilsa, o‘rtada hech qanday muammo bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

SpaceX Ilon Mask Tesla

Baholaganlar

270

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing