Kreml Tramp va Putin suhbatlashganini rad etdi
Olam
−
11 noyabr
3483AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qilgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda bugun, 11 noyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina masalasida ikki davlat rahbari o‘rtasida hech qanday suhbat bo‘lmagan. “The Washington Post” gazetasi tomonidan e’lon qilingan maqola matnida yolg‘on ma’lumot keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WP nashri joriy yilning 7 noyabr kuni AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan norasmiy telefon muloqoti o‘tkazgani va suhbat chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi mavzusini ko‘targani haqida yozgan edi. Nashr manbalariga ko‘ra, amerikalik siyosatchining o‘zi Rossiya rahbariga Floridadagi kurortidan qo‘ng‘iroq qilgan. Suhbat chog‘ida Oq uyning sobiq rahbari Rossiya Prezidentiga Ukrainadagi urushning avj olishini davom ettirmaslikni maslahat bergan va unga Vashingtonning Yevropadagi muhim harbiy ishtirokini eslatgan.
Tramp, shuningdek, Vladimir Putin bilan urushni tezkor hal etishni muhokama qilish uchun keyingi aloqalarga qiziqish bildirgan. AQSHning yangi saylangan prezidenti ayrim bosib olingan hududlar ustidan Rossiya nazoratini saqlab qolishi variantini qo‘llab-quvvatlashini shaxsiy ravishda ochiq aytgan va bu masalani Putin bilan suhbatda ham ko‘targan.
Nashrning qayd etishicha, suhbat rasmiy bo‘lmagan – Trampning o‘tish davri jamoasi prezidentga AQSH Davlat departamenti ko‘magida qo‘ng‘iroq qilish imkonini beruvchi hujjatlarni hali imzolagani yo‘q. Bundan tashqari, Tramp o‘zining birinchi muddatidagi qo‘ng‘iroqlari stenogrammalari oshkor qilinganidan keyin hukumat amaldorlariga ishonmaydi.
LiveBarchasi