Kreml Putin va Erdo‘g‘an nimalarni muhokama qilishini ochiqladi
Olam
−
02 avgust 2022
7231Joriy yilning 5 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sochida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Suriyadagi vaziyat va Ukrainadagi mojaroni muhokama qiladi. Bu haqda bugun, 2 avgust kuni jurnalistlarga Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Haqiqatan ham juma kuni Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an amaliy tashrif bilan keladi. Ikki Prezidentning muzokaralari Sochida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar, jumladan, iqtisodiyot bilan bog‘liq mavzular ko‘rib chiqiladi”, deydi Peskov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kun tartibida mintaqaviy muammolar, xususan, Suriyadagi vaziyat va Ukrainadagi mojaro masalasini muhokama qilish ham joy olgan.
“Ukraina portlaridan donni eksport qilish mexanizmining samaradorligi haqidagi eslatmalarni solishtirish, uning qanchalik samarali ishlashini ko‘rish uchun yaxshi imkoniyat. Umuman olganda, dunyodagi voqealar bo‘yicha fikr almashadi. Ko‘rib turganimizdek, kun tartibida juda keskin mavzular bor”, deydi Kreml voizi.
Bundan tashqari, uning qo‘shimcha qilishicha, Putin Sochida ko‘plab muzokaralar, ko‘p sonli amaliy uchrashuvlari o‘tkazadi.
Avvalroq, Turkiya Prezidenti 5 avgust kuni Sochiga borishni rejalashtirayotgani, Putin bilan muzokaralar olib bormoqchi ekani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Erdo‘g‘an so‘nggi marta joriy yilning 19 iyul kuni Tehronda Suriyada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Ostona formatidagi sammit doirasida uchrashgandi.
LiveBarchasi