Kremlda o‘ldirilgan Rossiya demokratiyasining so‘nggi shu’lasi
Tahlil
−
12 Sentabr
15643Atom mojarosidan paydo bo‘lgan siyosatchi
80 yillarning ikkinchi yarmida Sovet hukumati Moskvaga birmuncha yaqin bo‘lgan Nijniy Novgorod viloyatida yadroviy qozonxona qurishga qaror qiladi. Ammo bu paytda Sovet Ittifoqidagi fuqarolar ongida atom texnologiyasi bilan bog‘liq barcha xabarlar katta qo‘rquv bilan qarshilanardi. Chunki 80-yillarning oxirlarida Chernobil fojiasining dahshatlari barchaning xotirasida qaynoq holda saqlanib qolayotgandi. Sovetlar tomonidan Nijniy Novgorodda qurilishi rejalashtirilgan atom issiqlik ta’minoti stansiyasi g‘oyasi esa Chernobildagi katastrofadan bir yil o‘tar-o‘tmas paydo bo‘ldi. Ortda qolgan yillarda SSSRdagi atom bilan bog‘liq mudhish voqea-hodisalar butun Ittifoq tarkibidagi fuqarolarni jiddiy xavotirga solib qo‘ygandi. Albatta, bunday sharoitda Nijniy Novgorod aholisi burnining tagida qurilishi mumkin bo‘lgan potensial falokatga jim qarab tura olmasdi. Jamoat faollari zudlik bilan ushbu loyihani boshlanmasidan oldin bir yoqlik qilish kerakligini tushunib yetdi. Stansiya qurilishiga qarshi amaliy harakatlar boshlandi. 60 yoshli pediatr Dina Nemsova esa ushbu qarshilik harakatining yuziga aylandi. U Gorkiy maydonida viloyat hududida yadroviy qozonxona qurishga qarshi bo‘lgan aholining imzolarini to‘plashni boshladi va buni faol tarzda davom ettirdi. Dina ushbu harakatga yanada jiddiyroq tus berish maqsadida o‘z o‘g‘lini ham jalb qilishga qaror qildi. Aynan mazkur sohadagi mutaxassis, fizika-matematika fanlari nomzodi, turli tadqiqot institutlarida ulkan tajriba orttirgan va fizika, akustika hamda termodinamika bo‘yicha o‘nlab ilmiy maqolalar muallifi Boris Nemsov bu boradagi qarshilik harakati uchun ayni muddao edi. 28 yoshli yadro fizikning ilmiy faoliyatini ijtimoiy norozilik yo‘nalishiga burish Dina uchun unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi. Kunlardan bir kun u o‘z o‘g‘liga “sen hech kimga kerak bo‘lmagan ilm bilan shug‘ullanyapsan, hukumat esa bu yerda atom qozonxonasi qurmoqchi. Sening vijdoning bormi o‘zi?” deya xitob qiladi. Dina Nemsova o‘g‘li Borisga ushbu so‘zlarni juda ko‘p bor ta’kidlaydi va undan hatto fizik sifatida gazetaga bunday loyihaning o‘rinsizligi haqida maqola yozishni talab qiladi. Uzoq qistovlardan so‘ng Boris Nemsov onasi bilan birgalikda tabiiy ofatga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ekologik harakatga qo‘shiladi. Nemsov uchun hammasi xuddi mana shu lahzalardan boshlangandi va uning bu qarori keyingi hayotini belgilab berdi. Ammo Boris hali bundan mutlaqo bexabar edi. Shunday qilib, qahramonimiz ishga kirishadi. U onasi aytganidek, hududda yadroviy qozonxona qurishning oqibatlari va bu ob’ektning aslida kerak emasligi haqida maqolalar yoza boshlaydi. Masala o‘z sohasiga oid bo‘lganligi sababli Nemsovning maqolalari ilmiy asoslantirilgan va bu ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortayotgandi. U juda qisqa vaqt ichida mahalliy aholi orasida tanilib ulgurdi. Uning maqolalari va qarshilik harakatlari ma’lum vaqtdan so‘ng o‘z natijasini ko‘rsatdi va tez orada Nemsov atrofida atom issiqlik ta’minoti zavodi qurilishiga qarshi bo‘lgan odamlardan tashkil topgan chinakam armiya to‘plandi. Hukumat esa bunday qarshilik o‘qini chetlab o‘ta olmadi va ob’ekt qurilishi to‘xtatildi. Mamlakat miqyosidagi butun boshli katta strategik ob’ekt qurilishiga qarshi kurashdagi g‘alaba Boris Nemsovning xalq orasidagi obro‘yini keskin oshirib yubordi. 1980-yillar oxirida ilm-fan sohasida birin-ketin muvaffaqiyat qozonib kelayotgan yosh olimning taqdiri shu nuqtada boshqa tomonga yo‘nalish oldi. O‘g‘lini yadroviy ob’ektga qarshi ilmiy jihatdan kurashishga jalb qilgan Dina Nemsova uni o‘zi bilmagan holda siyosiy maydonga tashlagandi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin mashhurlikka erishgan Boris Nemsov 1989 yilda SSSR deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatilish darajasiga ham bordi. Onasi esa dastlab bunga har tomonlama qarshilik qilishga urindi. Dina o‘z o‘g‘lini shafqatsiz siyosiy maydonga kirishini istamasdi. Ammo Boris aytganidek endi juda kech edi va poyezd jo‘nab bo‘lgandi. U allaqachon siyosat changalzori ichida edi.
Kremlga beixtiyor tashrif
1989 yilda “Atom xavfsizligi” nomli mintaqaviy tashkilot Boris Nemsovni SSSR xalq deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatadi. Ammo saylov komissiyasi vakillari negadir Nemsovni ro‘yxatga olishmaydi. Fizik olim uchun siyosiy maydondagi dastlabki kunlar omadsiz keldi. Shunday bo‘lishiga qaramay, u endigina boshlagan faoliyatini to‘xtatishni istamaydi. Yosh intiluvchan siyosatchi 1990 yilda “Demokratiyaga nomzodlar” nomli yangi siyosiy birlashmani tuzishda faol ishtirok etib, o‘z saylov kampaniyasini yuritishga kirishdi. Natijada esa Nemsov saylovlarda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi va RSFSR xalq deputatiga aylandi. 1991 yil esa Boris uchun siyosiy karierasidagi burilish nuqtasi bo‘ldi. Bu paytga kelib SSSR chok-chokidan so‘kilib bo‘lgan, barcha bosib olingan yerlarda mustaqillik yaqin va ular o‘z milliy davlatlarining prezidentlarini saylash arafasida edi. Rossiyaning o‘zida ham SSSR qoldiqlaridan voz kechilib, mustaqil Rossiya Federatsiyasi Prezidentini saylash jarayoni boshlangandi. Yosh deputat Boris Nemsov esa bu orada Rossiya prezidentligiga asosiy nomzodlardan biri Yelsinning ishongan odamiga aylanib ulgurgandi. 1991 yilning 12 iyunidagi saylovda kutilganidek Yelsin g‘alaba qozondi va bu Nemsovning keyingi faoliyatida hal qiluvchi rol o‘ynadi. Jumladan, shu yilning 30-noyabrida Nemsov Nijniy Novgorod viloyatiga gubernator etib tayinlanib, mamlakat miqyosida shunday yuqori lavozimni egallagan eng yosh rahbarga aylandi. Viloyat gubernatorligi davrida u ancha muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, harbiy xizmatchilarning turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha ishlab chiqilgan maxsus dastur, “Xalq telefoni” va qishloqlarni gazlashtirish kabi ishlari shular jumlasidandir. 1991 yil dekabr oyida u mashhur va tajribali iqtisodchi Grigoriy Yavlinskiyni mintaqada iqtisodiy o‘zgarishlarni tashkil qilish uchun Nijniy Novgorod viloyatiga taklif qildi. Keyingi yili Yavlinskiy “Iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi” tadqiqot institutiga rahbarlik qilib, Nemsov bilan birgalikda mintaqaviy islohotlarning keng ko‘lamli dasturini ishlab chiqdi. 1995 yilda Nijniy Novgorod viloyatida bo‘lib o‘tgan gubernatorlik saylovlarida Nemsov ikkinchi muddatga qayta saylandi. Bu paytga kelib Boris Nemsov ilg‘or islohotchi sifatida kattagina obro‘ga ega bo‘lib ulgurgandi. Aynan shu yili Nemsovning mashhurligini yanada orttirgan voqea sodir bo‘ldi. U telekanallarning biridagi jonli efir vaqtida Vladimir Jirinovskiy bilan janjallashib qolgani tufayli media yulduzga aylandi. “Yakkama-yakka” dasturida marhum LDPR partiyasi raisi Nemsovga stakandagi sharbatni sepib yuboradi. O‘z navbatida Nemsov ham tiyiqsiz siyosatchiga nisbatan xuddi shunday javob beradi. Ko‘rsatuv boshlovchisi Aleksandr Lyubimov zudlik bilan efirni to‘xtatadi. Shu va boshqa voqealar ortidan Nemsovning mashhurligi va obro‘si kun sayin ortib borar, bu yo‘l esa uni borgan sari Kreml tomon yaqinlashtirardi. Chunki Nemsov soat sayin zaiflashib borayotgan Yelsin hokimiyati uchun juda kerakli shaxs edi. 1997 yilning boshlarida Yelsin Nemsovni Nijniy Novgoroddan Moskvaga ko‘chirib kelishga qaror qiladi. Uni bunga ko‘ndirish vazifasi esa Yelsinning qizi Tatyana Dyachenkoga topshiriladi. Shu maqsadda 1997 yil mart oyida maxsus kortej Moskvadan Nijniy Novgorodga qarab yo‘l oladi. Dyachenko o‘tirgan kortej Vladimir va Nijniy Novgorod viloyatlari chegarasini kesib o‘tayotgan mahalda Boris Nemsovga mazkur tashrif va uning maqsadi markaziy hokimiyat klanidagi kanallar orqali yetkaziladi. Yosh gubernator bunday kutilmagan voqeadan hayron qoladi va Yelsinning qizi bilan bir necha daqiqalardan so‘ng boshlanadigan uchrashuvga tayyorlanadi. Ammo u Moskvaga borishni ich-ichida istamasdi va Kremlda yuqori lavozimda ishlash maqsadi yo‘q edi. Ma’lum vaqtdan so‘ng Tatyana Dyachenko Nemsovning kabinetiga yetib keladi va ularning muzokara ko‘rinishidagi suhbati boshlanadi. Ularning muzokaralari tun bo‘yi davom etadi. Suhbat davomida Tatyana Nemsovni Kremlga kelishi kerakligi va bu otasi mamlakat Prezidenti shaxsan Boris Yelsinning taklifi ekanligini aytadi. Dastlab Nemsov buni qat’iy rad etadi. U Moskvada yuqori lavozimda ishlash taklifiga shu tarzda javob beradi:
“Tanya, rostini aytsam, men u yerda ishlamoqchi emasman. Hukumat, u yerdagi lavozim g‘irt otishmaning o‘zi. Men Moskvani yaxshi bilmayman va sizning barcha hiylalaringizni ham yaxshi tushunmayman. Umuman olganda, sizning urf-odatlaringiz menga yoqmaydi”.
Ammo Tatyana Dyachenko bo‘sh kelmaydi. U nima qilib bo‘lsa ham Nemsovni ko‘ndirishi va otasi Yelsinning boshqaruvdagi yukini yengillashtirishi lozim edi. Juda uzoq davom etgan suhbatdan so‘ng u Nemsovni ko‘ndirish kalitini topadi.
“Siz viloyat boshqaruvida qiyinchiliklarga duch kelganingizda otam sizdan yordamni ayamadi. Hozir u o‘zini juda yomon his qilmoqda va ustiga ustak yil boshida Boris Nikolayevich yurak xurujiga ham uchradi. Endi unga yordam berish navbati sizda”.
Bu so‘zlar Nemsovga qattiq ta’sir qiladi va shu kungacha bo‘lgan faoliyati davomida Yelsinning qilgan yaxshiliklariga ko‘z yuma olmaydi va Kremlga qarab yo‘l olishga majbur bo‘ladi.
Oq shimli Bosh vazir o‘rinbosari
Oliy hokimiyatning bosh qarorgohi bo‘lganidan buyon iqtidor uchun kurashlarda son-sanoqsiz siyosatchilarning qurbonligiga guvoh bo‘lgan Kreml 1997 yilda o‘zining navbatdagi qurbonini kutardi. Yelsinning qizi Tatyana Dyachenkoning muvaffaqiyatli muzokaralari ortidan Boris Nemsov Moskvaga istar-istamas yetib keldi. Unga darhol Bosh vazir o‘rinbosari lavozimi ishonib topshirildi. Viktor Chernomirdin hukumatida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari mansabini egallagan Nemsov o‘zining yangi ishida ijtimoiy blok, uy-joy kommunal xo‘jaligi, uy-joy siyosati, energetika va tabiiy monopoliyalar sohasini nazorat qilishni boshladi. Ammo Yelsinning yosh islohotchisi va hatto uning davomchisi sifatida ham ko‘rilgan Nemsov bu sohalarda, xususan energetika va tabiiy monopoliyalar masalasida deyarli hech narsani amalga oshira olmaydi. Sababi u shu sohalarni boshqarish uchun Bosh vazir o‘rinbosari postiga kelishidan oldin hammasi hal bo‘lib ulgurgandi. Nazorat qo‘ldan chiqqan, hokimiyat esa bir to‘da oligarxlar to‘dasi bilan jipslashib ketgandi. Ko‘plab manbalarda Rossiyadagi boshqaruv bunday holatga tushib qolishida 1996 yilgi prezidentlik saylovlari muhim rol o‘yganligi aytiladi. O‘sha paytda Yelsin kommunistlar nomzodi Gennadiy Zyuganovning kuchli sinoviga duch keladi va Yelsinning qayta saylanish kampaniyasini moliyalash jiddiy zaruratga aylanadi. Yelsin Zyuganovning to‘sig‘idan eson-omon o‘tib, ikkinchi bor prezidentlikka saylanib olgach, saylovoldi kompaniyasida ko‘rsatilgan xizmatlar evaziga investorlarga nufuzli davlat lavozimlari va xususiylashtirilayotgan kompaniyalarni tanlashga ruxsat berildi. Nemsov hukumat va yirik biznes o‘rtasidagi bu munosabatlar Rossiyada paydo bo‘lgan yangi bozor munosabatlarini buzish bilan birga hukumatni aholi oldida haddan ziyod obro‘sizlantirgan. Mana shu kabi holatlardan so‘ng oxir-oqibat, Yelsin kabinetining yosh siyosatchilari Anatoliy Chubays va Boris Nemsovlarning niyat va maqsadlari asosan qog‘oz bilan chegaralanib, oligarxlarning cheklanmagan ta’siri tufayli butkul to‘xtab qolgan. Shu ketishda Rossiya suv yoqalab, katta tezlikda defolt jarligiga odimlayotgandi. Mazkur jarayonlar fonida Yelsin hukumatni yana o‘zgartirishga qaror qiladi. U Chernomirdinni ishdan olib, o‘rniga Sergey Kiriyenkoni Bosh vazir etib tayinlaydi. Ijroiya hokimiyatdagi katta o‘zgarishlarga qaramay, Nemsov o‘z o‘rnida ishlashda davom etadi. Ammo Kiriyenko boshchiligidagi hukumatning qo‘lidan ham hech narsa kelmaydi va 1998 yilning avgustida Rossiyada juda yirik iqtisodiy inqiroz – defolt rasman ro‘y berdi. Mamlakat o‘z kreditorlari oldidagi ichki va tashqi qarzlarini to‘lay olmasligini ma’lum qildi. Defoltdan bir necha kun o‘tgach, Kiriyenko hukumati ishdan bo‘shatildi. Undan biroz o‘tib esa Nemsovning o‘zi iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza beradi va Yelsin uning ishlashda davom etishi mumkinligini bildirganiga qaramay Boris Nemsov ketishga jiddiy qaror qabul qilib bo‘lgandi. Bosh vazir o‘rinbosari lavozimidagi 1 yildan biroz ko‘proq davom etgan nursiz faoliyati Nemsov uchun siyosiy karerasidagi eng samarasiz davr bo‘lishiga qaramay, u keyinchalik bayon qilgan xotiralarida bundan hech qachon afsuslanmasligini hamda mazkur vaqt davomida u butun umrga tatigulik tajriba orttirgani haqida so‘zlaydi. Ammo butun omma uchun Nemsovni o‘rinbosarlik lavozimida qanday siyosat yuritgani emas, balki u Ozarbayjonning o‘sha paytdagi prezidenti Haydar Aliyevni Rossiyaga tashrifi chog‘ida aeroportda qanday kiyim va g‘alati ko‘rinishda kutib olgani esda qolarli bo‘lgan. Bu voqea Nemsov Viktor Chernomirdin hukumatida ishlashni boshlagan paytda sodir bo‘lgan. Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliyev Moskvaga tashrif buyurishi rejalashtirilgan va uni Vnukovo aeroportida kutib olish uchun nisbatan yuqoriroq lavozimdagi mulozim chiqishi kerak edi. Ammo ushbu martabali mehmonni aeroportda kutib olish odatiy ish kunida o‘z kabineti tomon oq shim va futbolkada yo‘lga chiqqan Nemsovning hayolida ham yo‘q edi. Shu paytda to‘satdan Bosh vazir Chernomirdin unga qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan Vnukovoga borishi va Aliyev bilan uchrashishni buyuradi. Nemsov juda qiyin ahvolda qoladi va Viktor Chernomirdinga oq shim va futbolkada ekanligi hamda uning o‘rniga sherigi Anatoliy Chubaysni yuborishni taklif qiladi. Ammo Chernomirdin telefon orqali Nemsovga “agar siz shortikda bo‘lmasangiz hammasi joyida. Chubaysga keladigan bo‘lsak, biz unga boshqa vazifalarni topshirdik”, deydi. Nemsov zudlik bilan yo‘nalishini o‘zgartiradi va mashina aeroportga qarab yo‘l oladi. Vaqt juda tig‘iz bo‘lib, uning ixtiyorida uyga yoki biron bir kiyim do‘koniga kirib, ust-boshini almashtirib olish uchun umuman imkoniyat yo‘q edi.
“Aeroportga kelib, Tashqi ishlar vazirligi xodimlariga qaraganimda, ulardan biron bir kostyumni ham qarzga ololmasligimni angladim. Chunki amaldorlar juda kichkina edi. Menda qorovulning tilla tugmali kurtkasini yechib, o‘tish joyiga borishdan boshqa chora qolmadi”, deya eslaydi bu voqeani Nemsov o‘z kitoblarining birida.
Haydar Aliyev qora jun kostyum, oq ko‘ylak va qora galstukda samolyot trapidan tushib keladi. Uni diplomatik protokolga mutlaqo zid tarzda kiyingan oppoq shim va kurtkadagi Boris Nemsov qarshi oladi. Aliyev uni quchoqlab, ohista ohangda “men Sovet davridan beri bu ahmoqona protokolga qarshiman”, deya Nemsovning ko‘nglini ko‘tarib qo‘yadi.
Noma’lum razvedkachi bilan yuzlashish
1998 yil iyul oyida Boris Yelsin Putin ismli ko‘rimsiz va ommaga notanish bo‘lgan xavfsizlik va razvedka xodimini Federal xavfsizlik xizmati – FSB direktori etib tayinlaydi. Bu tayinlov butun mamlakat bo‘ylab konchilarning ish tashlashi davom etayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Uzoq vaqtdan buyon maoshlari to‘lanmagan mehnatkashlar mamlakat bo‘ylab temiryo‘llarni blokirovka qilgandi. Davlatning iqtisodiy ahvoli uchun muhim ob’ekt hisoblanadigan temiryo‘llarning falajlanishi Yelsin va uning ma’muriyatini qattiq xavotirga soladi. Masala o‘zining eng jiddiy nuqtasiga yetganda bu muammoni hal qilish Yelsinning ishongan tog‘i Boris Nemsov gardaniga tushadi. U Bosh vazir o‘rinbosari sifatida vaziyatni hal etish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qiladi. Nemsov favqulodda yig‘ilish chaqirib, unga barcha xavfsizlik xodimlari qatnashishini buyuradi. Mamlakatdagi beqaror vaziyat fonida o‘tkazilayotgan yig‘ilishga Nemsov buyrug‘iga binoan hamma keladi, FSBning yangi direktori Putindan tashqari, albatta. Yig‘ilishdan oldin Putin Nemsovga qo‘ng‘iroq qilib, uni shokka tushiradi. U iti kasal bo‘lib qolgani uchun favqulodda yig‘ilishga bora olmasligini aytadi. Bu gap Nemsovni aqldan ozdiradi va uzoq vaqt o‘ziga kela olmaydi. Kechagina FSB direktori etib tayinlangan nom-nishonsiz bir rahbardan bunday so‘zlarni eshitish uzoq yillardan buyon Rossiyaning Yelsindan keyingi prezidenti deya taxmin qilinuvchi Nemsov uchun g‘irt haqorat edi. Keyinchalik Boris Nemsov o‘z xotiralarida aks etgan kitoblarining birida Putinning o‘sha kungi mas’uliyatsizligi uchun telefonda qaqshatqich haqoratli so‘zlarni yog‘diradi. Uning ta’kidlashicha, o‘shanda qanchalik so‘kinganini o‘zi ham eslay olmaydi, ammo bu haqoratli so‘zlar yomg‘iri Putinning esidan chiqmagani aniq. Nemsov o‘z xotiralarida bundan tashqari Putin bilan bo‘lgan yana bir qiziq suhbatni yodga oladi. Bunisi hammasidan-da qiziq. Kunlardan bir kun Putin Prezident ma’muriyatida mansabdorlarni taftish qilishga mas’ul xodim sifatida Nemsovga sherigi Anatoliy Chubays bo‘limidagi tartibsizlik, o‘g‘rilik va korrupsiya hukm surayotganligi haqida ma’lumotnoma yuboradi. Va ayyor Putin ushbu maxfiy ma’lumotnoma so‘ngida “men sizning ixtiyoringiz bilangina xabar beraman”, degan jumlani qo‘shib qo‘yadi. U bunday holatni bir necha bor takrorlaydi. Putinning bunday yondashuvidan jahli chiqqan Nemsov unga qo‘ng‘iroq qilib, “o‘g‘rilik va korrupsiya sodir bo‘layotgan bo‘lsa, Chubays va uning atrofidagilarning hammasi firibgar bo‘lsa nega jinoyat ishini qo‘zg‘atish kerak deb emas, sizning ixtiyoringiz bilan xabar beraman deb yozasiz? Buni qanday tushunish mumkin?” deydi. Putin esa uzoq o‘ylanib o‘tirmay Nemsovning bu savoliga xotirjamlik bilan “siz xo‘jayinsiz, qarorni siz qabul qilasiz”, deya javob qaytaradi. Nemsov esa Putinning bu so‘zlarini xavfsizlik xodimining klassik harakatlari namunasi deya ta’riflaydi. Mazkur suhbat esa Rossiyaning bugungi amaldagi Prezidenti Vladimir Putin elitar korrupsiya va jinoyatlarga nisbatan o‘sha paytlarda ham unchalik jiddiy qarshilik qilmagani va buni normal qabul qilganidan darak beradi.
Avtokrat bilan 15 yillik “jang”
1998-99 yillar. Rossiya uchun uzoq va yaqin tarixdagi eng yomon va o‘ta omadsiz kelgan yillar. Rossiya siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qulab ulgurgan ushbu qisqa davrda Yelsin hokimiyatni o‘zi ishongan va munosib deb hisoblovchi vorisga ishonib topshirishi kerak edi. XXI asrdagi Rossiya taqdirini belgilab beruvchi qarorida Boris Yelsin o‘zining uzoq yillik suyanchig‘i bo‘lgan Nemsovga emas, balki keng jamoatchilikka deyarli noma’lum bo‘lgan razvedkachi Vladimir Putinga murojaat qildi. Nemsov emas, aksincha Putinga hokimiyatni topshirishda tahlilchilar bir qator sabablarni keltirishadi. Shunday omillardan biri esa Yelsin hokimiyatdan ketgandan so‘ng u uchun “xavfsizlik yostiqchasi”ni kafolatlaydigan shaxs kerak bo‘lganligidir. Bunda Putin Yelsin ko‘z o‘ngida muqobili yo‘q variant bo‘lib ko‘ringanlik ehtimoli yuqoridir. O‘z o‘rnida Nemsov ham bunga deyarli e’tiroz bildirmagan. Eng qizig‘i, u 1999-yil avgustida noma’lum eski KGB a’zosi Vladimir Putinning Rossiya hukumati raisi etib tayinlanishi haqida ijobiy fikr ham bildiradi. Hatto Nemsov uni samarali, tajribali va aqlli odam ham deb ta’riflaydi. “O‘ng kuchlar ittifoqi” partiyasi tashkil etilgandan so‘ng, Nemsov Putinni 2000 yilgi Rossiya prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi bo‘lgan barcha nomzodlar orasida eng munosib odam deb atadi. Nemsov o‘zining “Isyonchining e’tirofi” kitobida bu voqeani shunday eslaydi:
“Besh kishimiz – Kiriyenko, Chubays, Gaydar, Xakamada va men. Dastlab, men va Xakamada Putinni qo‘llab-quvvatlashga qarshi chiqdik. Qolganlar esa u uchun ovoz berdi. Hisob 3:2 Putin foydasiga. Saylovga bir necha oy qolganda, vaqt bosimi ostida Putinning nomi paydo bo‘ldi. Yelsin Primakovga, Lujkovga, Chernomirdinga ishonmadi. Atrofdagilar uni ishontirishdi: bizga uning shaxsiy xavfsizligini ta’minlaydigan prezident kerak. Uning atrofidagilar yangi prezidentning mamlakatni qayerga olib borishi haqida o‘ylashmadi. Shuning uchun ular o‘z manfaatlariga mos keladigan nomzodni tanladilar. Atrofdagilar o‘zlariga hamma narsadan qarzdor bo‘ladigan, o‘z so‘zida vafo qiladigan ishonchli odamni izlashardi”.
Bu orada esa Boris Nemsov ijroiya hokimiyatni tark etib, “Yosh Rossiya” harakatini tuzgandi. U 2000 yil 1 martda Rossiya parlamenti raisining o‘rinbosari etib saylandi. Mazkur davrgacha hammasi yaxshi ketayotgandi. Ammo 2003 yil dekabr oyida “O‘ng kuchlar ittifoqi” saylovlarda saylovchilardan kerakli yordamni olmasdan Davlat Dumasiga kirmadi. 2004 yilda Nemsov siyosiy kengashning boshqa hamraislari bilan birga iste’foga chiqdi va bu qadamni saylovlardagi muvaffaqiyatsizlik bilan izohladi. Putin avtokratiyaga oshkorona tarzda og‘ishayotganini ko‘rgan Nemsov Rossiyadagi barcha liberal kuchlarni bir tom ostida birlashtirib, mamlakatdagi demokratik tuzumni saqlab qolishga kirishdi. Faqat sal keyinroq. Bungacha u Kiyev-rusi sivilizatsiyasining o‘chog‘i – Ukrainada qizg‘in faoliyat olib bordi. 2004 yildan boshlab u Ukraina siyosatida ham juda faollashdi. Nemsov Ukrainadagi prezidentlik saylovlari kampaniyasida Viktor Yushchenkoni qo‘llab-quvvatladi. Yushchenkoning raqibi Yanukovich esa Kreml soyasida o‘z saylovoldi tashviqotini olib bordi. Bu Nemsov va Putinning ilk ochiqdan ochiq to‘qnashuvi edi. To‘q sariq inqilob deb nomlangan voqeaga aylanib ketgan bu jarayon paytida Boris Nemsov Yushchenkoni qo‘llab-quvvatlagan kam sonli rossiyalik siyosatchilardan biriga aylandi va u Kiyevga ko‘p marta tashrif buyurib, Yushchenko uchun mitinglarda nutq so‘zladi. 2004 yil kuzida Nemsov Ukrainadagi “to‘q sariq inqilob” tarafdorlarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. U Kiyevdagi Maydan Nezalejnosti namoyishlarida qatnashib, Ukraina huquqining g‘alabasini olqishladi. Mamlakatning bosh maydonida ushbu chiqishlar orqali Nemsov Ukraina fuqarolariga anchagina ta’sir ham o‘tkazishga erishdi. Nemsov o‘z chiqishlarida Rossiya Federatsiyasida ham shunga o‘xshash harakatlarni amalga oshirishga tayyorligini bir necha bor ta’kidladi. Ammo bu qarash keyinchalik uning oyog‘iga bolta urdi. Bu ko‘pincha Rossiya Federatsiyasida uni faol tanqid qilish uchun sabab bo‘ldi. Chunki postsovet mamlakatlarida bir qator beqarorliklarga sabab bo‘lgan rangli inqiloblarni yoqlash bu yerdagi hech bir siyosatchi uchun yorqin kelajakni kafolatlamasdi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Nemsov o‘z yo‘lidan ketishda davom etdi. U bu orada 2005 yildan 2006 yilgacha Ukraina Prezidentining mustaqil maslahatchisi bo‘lib ishladi. 2007 yildan boshlab u Rossiya siyosatida yana faollashdi. Shu yili dekabr oyida Nemsov “O‘ng kuchlar ittifoqi” nomidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini qo‘ydi. Ammo unga nisbatan xayrixoh fuqarolar ovoz beruvchilarning hatto 1 foizini ham tashkil qilmadi. Nemsov manziliga tanqidlar dovuli yopirildi va saylov uchun ro‘yxatdan o‘tgan sanasidan 1 hafta o‘tib o‘z nomzodini qaytarib oldi. 2008 yilda “O‘ng kuchlar ittifoqi”dagi a’zoligini to‘xtatgan tinib-tinchimas siyosatchi yangi tashkil etilgan “Birdamlik” demokratik harakati siyosiy kengashining federal byurosiga qo‘shildi. 2009 yil mart oyida Sochi meri saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etish niyatini e’lon qildi. U merlikka nomzod sifatida muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tdi, biroq “Yagona Rossiya” vakili Anatoliy Paxomovga bu bahsda imkoniyatni boy berdi. Ammo siyosiy karerasi ortda qolgan 10 yil ichida omadsizliklar bilan to‘lgan bo‘lishiga qaramay, Nemsovning to‘xtash niyati yo‘q edi. U 2010-yilda “Putin ketishi kerak” degan murojaatni imzolagan birinchi muxolifat vakillaridan biri bo‘ldi. 2010 yil 31 dekabrda Nemsov Triumfalnaya maydonidagi mitingda nutq so‘zlaganidan keyin politsiya xodimlari tomonidan hibsga olinadi. Huquq-tartibot xodimlari Nemsovni jamoat tartibini buzganlikda ayblashib, uni 15 kunga hibsga olishadi.
U o‘sha paytda Putinga qarshi sudga da’vo qilgan yagona siyosatchi edi. Bunga esa Putinning Nemsovga qilgan tuhmati sabab bo‘lgandi. Mazkur voqea Putin ko‘zbo‘yamachilik bilan prezidentlik kursisini Medvedevga topshirib, o‘zi nomigagina Bosh vazir bo‘lib yurgan paytlarda sodir bo‘lgandi. U 2010 yil dekabrida Rossiya televideniyesi orqali jonli nutqida, “oldindan tanlagan va tayyorlangan fuqarolarning bir qator qiziqarli savollarini o‘qib, Nemsov, Rijkov, Milov va boshqalar nimani xohlaydi?”, degan savolga “Pul va kuch, ular yana nima xohlashi mumkin?!” deb javob beradi. U o‘z so‘zini davom ettirib, “bir vaqtlar ular bo‘ron ko‘tarishdi, 90-yillarda ular Berezovskiylar va hozir qamoqda o‘tirganlar bilan birga ko‘p milliardlarni sovurishdi. Ular qaytib kelib, cho‘ntaklarini to‘ldirishni xohlashadi. Ammo menimcha, agar biz ularga bunga ruxsat bersak, ular endi o‘zlarini alohida milliardlar bilan cheklab qo‘ymaydilar, ular butun Rossiyani sotib yuborishadi”, degandi. Nemsov esa Putinning ushbu chiqishidan so‘ng uning ustidan sudga murojaat qilib, Putin bergan ma’lumot va baho haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini da’vo qildi. Ammo 2011 yil fevral oyida da’vo rad etildi. Sud “muxolifat nimani xohlayotgani” haqidagi savol Nemsov, Rijkov va Milovning shaxsiyatiga taalluqli emas, balki umumiy xususiyatga ega va Putinning umumiy munosabatini aniqlashga qaratilgan degan argument bilan ishni sekingina yopadi. Shu paytdan boshlab umrining qolgan 5 yili Nemsov uchun juda og‘riqli bo‘ladi.
Kreml havosidan olingan so‘nggi nafas
Bu paytga kelib Nemsovga federal telekanallarga kirish taqiqlangandi. Ammo kurashga chanqoq siyosatchi umrining so‘nggi yillarida siyosatdan to‘yib nafas olishga bir qadar muvaffaq bo‘ldi. U 2013–2015 yillarda vafotigacha Yaroslavl viloyat dumasi deputati bo‘lib faoliyat olib bordi. Rossiya siyosatidagi uzoq yillik muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, u yana Ukraina uchun o‘zini baxsh etadi. U 2013 yil dekabr oyida Ukraina kelajagini barbod qilgan Kreml va Putinning malayi – Viktor Yanukovichga nisbatan Ukrainada boshlangan norozilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Nemsov bu masalada xuddi 10 yil oldingi kabi demokratik kuchlar tomonida turdi. U Ukrainaning Rossiyadagi elchixonasi binosi oldiga “Ukraina, biz sen bilanmiz!” so‘zlari bitilgan banner bilan chiqdi. Mazkur Maydan voqealaridan so‘ng, Ukrainada hokimiyat almashib, Putin Kiyevdagi sodiq qulidan ayrilgandan so‘ng ushbu davlat borasida yanada jiddiy va agressiv qarorlar qabul qilish yo‘liga o‘tadi. U bu voqealardan biroz vaqt o‘tib, to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaning hududiy yaxlitligiga raxna soldi. 2014 yilda Qrim noqonuniy ravishda anneksiya qilindi. Nemsov esa bunga jon-jahdi bilan qarshilik qildi va 2014 yil avgust oyida Rossiya harbiylariga murojaat qildi.
“Istalgan vaqtda sizni Ukraina bilan jang qilish uchun yuborishlari mumkin (ba’zilari allaqachon yuborilgan). Putin, Oliy Bosh Qo‘mondon sifatida, Ukraina sharqidagi harbiy harakatlarda qurolli kuchlarning ishtiroki noqonuniy ekanligini juda yaxshi biladi. Siz vatanni dushmanlardan himoya qilishga, qardoshlar bilan jang qilmaslikka qasamyod qildingiz. Ukraina bilan urush – bu da’vo muddati bo‘lmagan jinoyatdir”.
Ukrainaga qarshi urush – Nemsov va Putinning to‘qnashuvlarini yanada jiddiy tus olishiga va oxir-oqibat bularning barchasi tragik yakun bilan nihoyasiga yetishiga sabab bo‘ldi. Boris Nemsov Putinning Ukrainaga ochgan urushiga nisbatan o‘z pozitsiyasini murakkablashtirib bordi. Bu esa uning o‘limini tezlashtirdi. Vafotidan bir necha oy oldin Ozodlik radiosiga bergan intervyusida u shunday dedi:
“Men Putinning Ukrainaga qarshi urushini haqiqiy jinoyat deb bilaman. Men darhol aytmoqchiman: bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush emas. Men bu ta’rifga qarshiman. Bu Putinning urushi. Mutlaqo beadab, yolg‘onchi, qonli va birodarlik urushi. Qardosh Ukraina xalqiga qarshi urush. U nima uchun jang qilgani ham aniq. Uning mamlakat ichida ham, xorijda ham amalga oshirayotgan barcha harakatlari bir maqsadni amalga oshirishga qaratilgan. Bu hokimiyatni har qanday holatda ham saqlab qolish maqsadidir”.
2015 yilga kelib Rossiyadagi muxolifat turg‘un holatda edi. Shu yilning boshida yangi tashkil etilgan “Demokratik koalitsiya” doirasida marsh o‘tkazishga qaror qilindi. O‘sha paytda turg‘un muxolifatni va turli odamlarni birlashtiradigan qandaydir katta ko‘cha tadbiri o‘tkazish zaruratga aylangandi. Nemsov shunday ishga qo‘l urdi va mazkur tadbirni “Bahor marshi” deb nomladi. Marsh 1 mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi. Bu uning hayotidagi eng so‘nggi qarori va loyihasi bo‘lib qoldi. Ammo unda shaxsan qatnashish o‘ziga nasib qilmadi. 2015 yil 27 fevral kuni soat Moskva vaqti bilan chamasi soat 20:30 larda Nemsov “Exo Moskvi” telekanalidagi ko‘rsatuvda qatnashib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina sharqida urush boshlagani uchun javobgarligi va Rossiya hukumatidagi korrupsiya haqida gapirdi. Keyin u Qizil maydondagi kafeda o‘zining o‘sha paytdagi yangi ma’shuqasi ukrainalik 23 yoshli model Anna Duritskaya bilan uchrashadi. Yollanma qotillar bu vaqt mobaynida nishonni izma-iz kuzatib borishadi. Shu kuni Moskva vaqti bilan soat 23:31 da Kreml yaqinidagi “Bolshoy Moskvoretskiy” ko‘prigi boshiga yetganda to‘pponchadan otilgan 6 ta o‘q o‘z nishonining hayotiga nuqta qo‘yadi. Shu lahzada Nemsov bilan birga Rossiya demokratiyasining so‘nggi tomchisi ham tugab bitdi. Uning yonidagi Anna Duritskayaga esa zarar yetkazilmaydi, ammo yosh ma’shuqa holat to‘g‘risida hech nimani eslay olmaydi. O‘sha mahalda ko‘prikdagi videokuzatuv kameralari ishlayotgan bo‘lishiga qaramay, tergov tomonidan qo‘lga kiritilgan yagona videoda qotillik sodir etilayotgan lahzada jarayon o‘tib ketayotgan qor tozalagich tomonidan to‘satdan to‘sib qo‘yilgan. Jinoyatchilar siyosatchini otib, oq mashinada qotillik sodir etgan joydan qochib ketishgan. Bu esa mahalliy kuzatuv kameralari tomonidan yozib olingan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shov-shuvli qotillik “buyurtma va provokatsion xususiyatga ega” ekanligini iddao qildi. Oradan bir necha kun o‘tib esa chechenistonlik besh nafar fuqaro qo‘lga olindi. Harbiy sudda sud jarayoni bir yildan kamroq vaqt davom etdi va 2017 yilning iyulida yakuniga etdi. Hakamlar hay’ati barchani aybdor deb topdi. Jinoyatchilar – besh kishi 11 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Qotillikda gumon qilingan Zaur Dadayev yigirma yil muddatga qamaldi. Ammo Boris Nemsov oilasi vakillari tergov xulosasiga rozi bo‘lmadilar va Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni va respublikaning turli yuqori martabali amaldorlarini bu ish bo‘yicha so‘roq qilishni bir necha bor so‘rashgan, biroq ularga har doim rad javobi berilgan. 2015 yilning 24 aprelida “Interfaks” manbasiga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya Mudofaa vazirligining Kavkaz birinchi imomi Shayx Mansur nomidagi batalonga rahbarlik qilishi aytiladigan Ruslan Geremeyevga ham Boris Nemsovning o‘ldirilishi bo‘yicha gumondor maqomi berilgan. 2015 yilning bahoridan beri, tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Ruslan Geremeyev BAAda yashirinib kelgan. Tergov esa hech qachon uni so‘roqqa tuta olmadi yoki buni xohlashmadi. FSB xodimlari Geremeyevning yashash joyiga faqat bir marta borgan va keyinchalik hisobotda “uyning eshigini hech kim ochmagan” deb yozishgan. Shunday qilib Nemsovning ishiga imi-jimida, kremlcha uslubda yopinchiq to‘shaldi. Ammo keyinchalik 2022 yilda, siyosatchi o‘ldirilganidan 7 yil o‘tib, Bellingcat, The Insider va BBC jurnalistlari Nemsov o‘ldirilishidan bir yil oldindan boshlab uni FSB bilan aloqador shaxs kuzatib borganiga oid dalillarni aniqlaydi. Ularning qidiruvlari shuni ko‘rsatdiki, Valeriy Nikolayevich Suxarev nomidagi pasportga ega shaxs Rossiya bo‘ylab kamida 13 marta Boris Nemsovga ergashgan. Ammo Kreml har doimgidek bu da’volarni rad etib, Rossiya rasmiylarining ushbu dalillarda keltirilgan faktlarga aloqasi yo‘qligini aytdi. 2023 yil iyul oyida esa Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Rossiya hukumati “qotillikni kim uyushtirgani va buyurtma qilganini to‘g‘ri tekshirmagan” va ushbu o‘limga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “siyosiy motivlarni” hisobga olmagan degan xulosaga keldi. Shunday qilib, bugun ko‘pchilik oradan to‘qqiz yil o‘tib, Boris Nemsovni o‘ldirishga buyurtma bergan parda orqasidagi haqiqiy qotil haligacha topilmagan deb hisoblaydi. Ularning nazdida Rossiya huquq-tartibot idoralari bu qotillik yuzasidan faqat bajaruvchilarnigina jazolagan, ammo asl tashkilotchi hali hanuz oshkor qilinmagan. Qilinmaydi ham. Shart ham emas. Buni hamma biladi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr