Kreml “bosh og‘rig‘i” Navalniy sud qilinyapti
Olam
−
02 fevral 2021
6448Bugun, 2 fevral kuni Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy ustidan shartli qamoq jazosini haqiqiy 3,5 yilga almashtirish bo‘yicha Moskva shahrida sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda. Navalniy joriy yilning 17 yanvar kuni Germaniyadan qaytib kelganidan so‘ng, darhol hibsga olingan edi.
Nima sababdan Navalniy sud qilinyapti?
Gap shundaki, 2014 yilda Navalniy firibgarlik va pul yuvishda ayblanib 3,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi va 500 ming rubl miqdorida jarimaga ham tortilgandi. Sud tayinlangan hukmni avvaliga besh, keyin olti yilga sinov muddati bilan to‘xtatilgan deb hisoblash to‘g‘risida qaror chiqargandi.
Shartli ravishda ozodlikda yurgan fuqaroni jinoiy-ijroiya inspeksiyasi suhbatga chaqirgan paytda kelib turishi kerak bo‘lgan. Navalniy esa yetti marta ham ushbu inspeksiyada ko‘rinish bermagan va unga shartli jazoni haqiqiy jazo bilan almashtirish to‘g‘risida beshta ogohlantirish berilgan.
Navalniy nima sababdan kelmagan? Axir bu paytda “Novichok” bilan zaharlangan Navalniy Germaniyaning Sharite shifoxonasida davolanayotgan bo‘lgan. Shartli ravishda ozodlikda yurgan fuqaroning mamlakatni tark etishiga va Germaniyaga borib davolanishiga Putinning o‘zi ruxsat bergan. Federal jazoni ijro etish xizmatiga ko‘ra, Navalniy shartli hukmdan keyin 60 marta jamoat tartibini buzgan.
Sudda kimlar ishtirok etmoqda?
Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun uning ayoli Yuliya Navalnaya va advokati Vadim Kobzev sud zaliga yetib kelgan. Eng qizig‘i, ushbu jarayonni guvohi bo‘lish uchun 20 dan ortiq davlat elchilari ham sud zalidan joy olgan. Ular orasida AQSH, Bolgariya, Polsha, Latviya, Avstriya va Shveysariya mamlakatlarining Rossiyadagi elchilari qatnashmoqda.
O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova chet el diplomatlarining sud zalida ekanligini tanqid ostiga olib, elchilarning ushbu xatti-harakatlarini mamlakat ichki ishlariga aralashish deb atagan.
Kreml ushbu sud jarayonini kuzatmoqdami?
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Peskovga ko‘ra, Vladimir Putin ushbu sud jarayonni kuzatmayapti. Peskovning aniqlik kiritishicha, sud paytida Rossiya rahbari Novo-Ogaryovoda bo‘lib turibdi va rossiyalik o‘qituvchilar bilan uchrashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Putinning nazaridan chetda qolgan Navalniyning sudi atrofi maxsus xizmat va Rossiya gvardiyasi askarlari bilan qurshab olingan binoda o‘tkazilyapti.
LiveBarchasi