Kreml 2024 yilgi saylovlarda Putinning “raqib”lari ro‘yxatini tuzdi 

Olam

image

Kreml 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Putinga “raqib” bo‘ladigan nomzodlarning dastlabki ro‘yxatini tuzdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Meduza” xabar berdi

Taxminlarga ko‘ra, uchta partiya – Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi, Liberal-demokratik partiya va “Yangi odamlar” partiyasi – o‘z nomzodlarini ko‘rsatishi kutilmoqda. “Adolatli Rossiya” rahbari Sergey Mironov esa shu yilning fevral oyida uning partiyasi bo‘lajak saylovlarda Putinni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Manbalarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi Gennadiy Zyuganov nomzodini ilgari suradi, chunki u “nomzodlikka o‘rganib qolgan” va partiyaning rahbari sifatida yuqori maqomga ega. Shu bilan birga, uning nomi “har bir saylovchiga tanish” bo‘lsada, Zyuganov Kommunistik partiya elektoratining ovozidan ortig‘ini ololmasligiga ishonishadi. Siyosatchi yangi saylovchilarni jalb qila olmasligi kutilmoqda.

Liberal-demokratik partiya nomzodi partiya yetakchisi Leonid Slutskiy bo‘lishi mumkin. Suhbatdoshlarning aytishicha, uning o‘zi “saylovda qatnashmoqchi, chunki u piarni yaxshi ko‘radi”. Manbalardan biri siyosatchi omma oldida chiqishni yaxshi ko‘rishini, shuning uchun u kelasi yil, xususan, teledebatlar orqali “shaxsiy shuhrat qozonishni” rejalashtirayotganini ta’kidlagan.

“Yangi odamlar” nomzodi bilan bog‘liq vaziyat ancha murakkab. Partiya o‘z nomzodi sifatida Aleksey Nechayevni ko‘rsatishi kutilmoqda. Biroq, u oz sonli ovoz to‘plashini tushunadi va buni xohlamaydi, shuning uchun u ishtirok etishdan bosh tortadi. Uning fikricha, bunday kam sonlar uning tarafdorlarini navbatdagi parlament saylovlarida deputatlikdan o‘rin olishiga to‘sqinlik qiladi.

“Nechayev o‘zining o‘rniga Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankovni taklif qilmoqda, u hozir Moskva meri lavozimiga da’vogarlik qilmoqda. Biroq, Prezident aparati bu nomzoddan qoniqmayapti. Davankov butunlay tizimli siyosatchi bo‘lsa-da, Kreml Nechayevning ishtirok etishini talab qilishda davom etmoqda. Bu yosh masalasi. Davankov 39 yoshda, u piarni yaxshi ko‘radi, omma oldida normal gapira oladi. Yosh va faol nomzod saylovchini prezidentning yoshi haqida o‘ylashga majbur qilishi mumkin”, deyiladi maqolada.

Manbalarga ko‘ra, Kreml nomzodlarni tanlashda bir qancha mezonlarga amal qilgan. Shular orasida yosh muhim rol o‘ynadi: Putinning qariligiga e’tibor qaratmaslik uchun barcha potensial “prezidentlar” 50 yoshdan “qari” bo‘lishi kerak. Shuningdek, Prezident ma’muriyati 2018 yilgi saylovlar oldidan to‘satdan mashhurlikka erisha boshlagan Grudinin bilan bog‘liq vaziyat takrorlanishini istamaydi.

Suhbatdoshlardan biri ta’kidlashicha, saylov poygasining potensial ishtirokchilari yangi tarafdorlarni jalb qilish uchun xarizma va potensialga ega bo‘lmagan va “Putinga tahdid solmaydigan” “jiddiy odamni” qidirish prinsipi asosida tanlangan.

Ma’lumot uchun, Rossiyada navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024 yil 17 martda bo‘lib o‘tadi, biroq bu sana hali Federatsiya Kengashi tomonidan alohida reglamentda tasdiqlanmagan. Saylov sanasi tasdiqlanganidan keyin nomzodlarni ko‘rsatish boshlanadi va Rossiya Federatsiyasi MSK ovoz berishning aniq shaklini belgilaydi. Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng, amaldagi davlat rahbari Vladimir Putin ham saylovda nomzod sifatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Rossiya Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing