Kot-d’Ivuarda suv toshqinlari oqibatida 59 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
02 iyul 1121 1 daqiqa
Kot-d’Ivuarda kuchli yog‘ingarchiliklar keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 59 nafarga yetdi. Bu haqda hukumat vakili Amadu Kulibali Vazirlar mahkamasining yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda va rasmiylar qurbonlar soni yana ortishidan xavotir bildirmoqda.
Kuchli yomg‘irlar oqibatida qator aholi punktlari va yo‘llar suv ostida qolgan, ayrim uylar vayron bo‘lgan, transport harakati va elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan. Minglab odamlar xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan bo‘lib, mahalliy hokimiyat aholini ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘arbiy Afrikaning boshqa davlatlari ham tabiiy ofatdan jabr ko‘rmoqda. Xususan, qo‘shni Ganada ham kuchli yomg‘irlar katta toshqinlarni keltirib chiqargan. Mamlakatning katta qismi, jumladan poytaxt Akkra suv ostida qolishi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
Mutaxassislar G‘arbiy Afrikada yomg‘irlar mavsumi davom etayotgani sababli yaqin kunlarda ham yangi suv toshqinlari xavfi yuqori bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari sababli 22 kishi halok bo‘lib, yana 20 nafar mahalliy aholi bedarak yo‘qolgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi