Kosmosda yangi sayyora topildi

Olam

image

Niderlandiyada joylashgan Amsterdam universiteti olimlari TOI-2431 b nomli yangi sayyorani aniqladi. Bu haqda “Universe Today” xabar berdi.

Sayyora NASA’ning TESS teleskopi yordamida aniqlangan. Tadqiqotchilarning aytishicha, TOI-2431 b’da yil aylanish davri hozirgacha aniqlangan sayyoralar orasida eng qisqalaridan biri hisoblanadi. Yer quyosh atrofini 365 kunda to‘liq aylansa, TOI-2431 b  shu davrda 1600 martadan ko‘p aylanadi. Bu Yerdagi bir yil 5,4 soatda o‘tib ketishini anglatadi.

Sayyora o‘z yulduziga juda yaqin – atigi 933 ming kilometr masofada (bu 0,0063 astronomik birlik) joylashgan. Bu yaqinlik uning yuzasini 2000 kelvingacha (taxminan 1727 daraja S) qizdiradi. 

Garchi TOI-2431 b hajman Yerga o‘xshash bo‘lsa-da, uning boshqa xususiyatlari sezilarli farq qiladi. Jumladan, radiusi Yerning 1,5 barobariga, massasi esa 6,2 barobariga teng. Uning o‘rtacha zichligi 1 santimetr kub uchun 9,4 grammni tashkil etadi, bu esa Yer zichligidan ancha yuqori.

Yulduzning kuchli tortish kuchi tufayli sayyoraning shakli ham o‘zgargan – olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, uning bir o‘qi ikkinchisidan 9 foizga qisqaroq, ya’ni TOI-2431 b yumaloq emas, biroz yassilashgan shaklga ega.

Mutaxassislar fikricha, bu sayyora uzoq yashamaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yana 31 million yil o‘tgach, u o‘z yulduziga juda yaqinlashadi va butunlay yo‘q bo‘lib ketadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro olimlar guruhi HD 20794 d ekzosayyorasining kashf etilgani va uning yashashga yaroqli bo‘lish ehtimolini tasdiqlagandi. Ushbu superer sinfiga mansub sayyora bizdan 20 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u o‘z yulduzining yashash zonasida harakatlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Amsterdam Niderlandiya sayyora TOI-2431 b

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing