Kosmosda yangi rekord qayd etildi

Bu qiziq

image

Xitoyning “Shenchjou-16” kosmik kemasi muvaffaqiyatli uchirilishi bilan orbitadagi yerliklar soni rekord darajaga, ya’ni 17 kishiga yetdi. Bu haqda “3d news” xabar berdi.

Hozirgacha Xitoyning “Tyangun” kosmik stansiyasida uchta taykonavt bo‘lgan va xuddi shuncha odam “Shenchjou -16” kosmik kemasida borgan. Ulardan tashqari, hozir Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) 11 kishidan iborat ekipaj, ya’ni “Soyuz MS-23” kosmik kemasidan uch kishi, Crew Dragon’dan to‘rt kishi va Axiom Space AX-2 tijorat missiyasining to‘rt nafar a’zosi bor. 

Xitoyning boshqariladigan kosmik parvozlar dasturi ma’muriyati ma’lum qilishicha, “Chanchjen-2F” raketasi Pekin vaqti bilan soat 9:31 (Toshkent vaqti bilan 06:31)da Xitoy shimolidagi Szyutsyuan kosmodromidan uchirilgan. Taxminan 10 daqiqadan so‘ng kema raketadan ajralib, ma’lum bir orbitaga chiqqan. Aytilishicha, iyul oyi boshida “Shenchjou-15” ekspeditsiyasi a’zolari Yerga qaytadi.

Ma’lumot uchun, avvalgi rekord 2021 yil 16 sentyabrda o‘rnatilgan. O‘shanda bir vaqtning o‘zida 14 kishi orbitada bo‘lgan: yetti nafari XKSda, uchtasi “Shenchjou-12” kosmik kemasining taykonavti va Crew Dragon shaxsiy missiyasi tomonidan yuborilgan to‘rt nafar amerikalik.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 21 may kuni bortida 4 nafar ekipaji bo‘lgan Falcon 9 havo kemasi Floridadagi Kanaveral fazo markazidan Xalqaro kosmik stansiyasi (XKS)ga uchirildi. Ekipajda 2 nafar Saudiya Arabistoni fuqarosi bo‘lib, ularning biri ayol kishi edi.


Maqola muallifi

Teglar

Kosmos kosmik stantsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing