Korrupsiya, qing‘ir o‘yinlar, ballarni pasaytirish... “Narxoz” rektorining nega lavozimidan ozod etilgani aytildi
Jamiyat
−
06 noyabr 2019
9330Bugun yurtimiz oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan halol, vatanparvar kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan.
Biroq, ayrim oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari va professor-o‘qituvchilari bunday mas’uliyatli vazifani yetarli darajada anglab yetmayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Eng achinarlisi, ayrim “ustozlar” nafs ilinjida bunday mo‘’tabar sohada korrupsiya illatini avj oldirib, yosh avlod ongini zaharlashga sababchi bo‘lmoqda.
Joriy yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Davlat xavfsizligi xizmati va Bosh prokuratura rahbariyati hamda respublika oliy ta’lim muassasalarining rahbarlari va professor-o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu sohada adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, bu yo‘lda to‘siq bo‘ladigan har qanday illatlarga nisbatan murosasiz kurash olib borish masalalari muhokama qilindi.
Bundan buyon oliy ta’lim tizimida korrupsiya, tanish-bilishchilik va huquqbuzarlikning har qanday ko‘rinishlariga butunlay barham berish borasida qat’iy choralar ko‘rilishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, majlisda eskicha ishlash, loqaydlik va o‘zibo‘larchilikdan butunlay voz kechib, tashabbuskorlik bilan, halol-pok mehnat qilish, ertangi kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasiga katta mas’uliyat bilan yondashish davr talabi ekanligi qayd etildi.
Yuqorida tilga olingan salbiy holatlar, ayniqsa, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Talabalarning bilimini baholash, ularni kursdan-kursga qoldirish, talabalar safidan chetlashtirish, o‘qishga tiklash va o‘qishini ko‘chirish jarayonlarida yuz berayotgan “o‘yinlar” yurtdoshlarimizning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, ba’zi professor-o‘qituvchilar tomonidan g‘arazli maqsadlarda talabalarning ballarini sun’iy ravishda pasaytirish holatlari ham aniqlangan.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Bahodir Xodiyev faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun vazifasidan ozod qilindi.
Shu vaqtga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Kongratboy Avezimbetovich Sharipov mazkur oliy ta’lim muassasiga rektor etib tayinlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli ishonchga loyiq bo‘lish, o‘z burchini halol va sidqidildan bajarish oliy ta’lim tizimidagi har bir xodimning muqaddas burchi ekanligi, bundan buyon ushbu sohada shaffoflik va adolat tamoyillari ustuvor bo‘lishi uchun barcha choralar amalga oshirilishi aytib o‘tildi.
LiveBarchasi