Koronavirusning oldini olish uchun zarur dorilar O‘zbekistonda mavjudmi?
Jamiyat
−
02 aprel 2020
9472O‘zbekistonda koronavirusning oldini olish uchun dorilar yetarli va ularning 90 foizi mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifing davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi direktori Sardor Kariyev ma’lum qildi.
Agentlik direktorining ta’kidlashicha, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi viruslarga qarshi qo‘llaniladigan dori vositalarining ro‘yxatini shakllantirgan. Shuningdek, Kariyevning aytishicha, ro‘yxat asosida koronavirus va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi samarali preparatlar hamda shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy 52 ta korxona mavjud.
"Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi kurashish uchun belgilangan dorilar ro‘yxati bor. Ushbu ro‘yxatda belgilangan barcha dori vositalari hozirgi kunda O‘zbekistonda yetarli miqdorda mavjud. Ularning 90 foizdan ortig‘i mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi. Ro‘yxatdagi qaysi dori xorijdan olib kelinsa, ularning importiga belgilangan bojlar olib tashlangan", deydi Kariyev
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 190 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor