Koronavirusning Xitoydagi dastlabki bemori kimligi haqida bilasizmi?

Olam

image
Koronavirusni yuqtirib olgan bemor haqida to‘liq ma’lumot berildi north_east

Koronavirusni yuqtirib olgan bemor haqida to‘liq ma’lumot berildi

Koronavirus tashxisi qo‘yilgan birinchi bemor Uxanning Xuanan bozoridagi qisqichbaqa sotuvchisi Vey ismli ayol bo‘lgan. Bu haqda bugun, 26 mart kuni Xitoyning “The Paper” nashri xabar berdi.

Ayol qanday qilib yangi turdagi koronavirusni yuqtirgani va u eng birinchi kasallangan odam ekanligi hali ham ma’lum emas. Olimlar hayvonlarga xos bo‘lgan bu infeksiya odamlarga qanday yuqqani va dengiz mahsulotlari bozori infeksiyaning manbai bo‘lganmi, degan bahslarni davom ettirmoqda.

Uxan sog‘liqni saqlash qo‘mitasi 2019 yilning 31 dekabr kuni ushbu kasallikning dastlabki bemorlari 27 kishi ekanligini xabar qildi. U vaqtda bu virus odamdan odamga yuqishi aniqlanmagan edi. Kasallanganlarning 24 nafari Xuanan bozoriga tashrif buyurgan yoki u yerning xodimlari bilan aloqada bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Vey pnevmoniyaning noma’lum alomatlariga ega bo‘lgan birinchi bemor edi.  Ayol isitmasi chiqayotganidan shikoyat qilib, 2019 yilning 11 dekabr kun o‘z uyining birinchi qavatida joylashgan klinikaga murojaat qiladi. U yerda unga ukol qilinadi va tez orada ayolning ahvoli yaxshilandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishi tig‘iz bo‘lganligi tufayli uyda yotishga vaqti bo‘lmagan.

Ammo biroz vaqt o‘tib, uning isitmasi yana ko‘tariladi va boshqa shifoxonaga murojaat qiladi. U yerda Veyga yordam bera olishmaydi. 2019 yilning 16 dekabr kuni ayol Xuanjong fan va texnologiyalar universitetining Sehe shifoxonasiga keladi. Aynan shu yerda unga koronavirus kasalligi tashxisi qo‘yiladi.

Tekshiruvlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, o‘sha vaqtlarda xuddi shunday alomatlar bilan 11 kishi Vey ishlaydigan bozor yaqinidagi kichik klinikalarga murojaat qilgan. 

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yilning 11 mart kuni koronavirus kasalligini pandemiya deb e’lon qildi. Hozirgacha ushbu virus dunyoning 198 mamlakatida aniqlangan. Kasallik dunyo bo‘yicha 471 837 nafar odamda qayd qilingan. Ularning 21 297 nafari vafot etgan, 114 711 nafari esa ushbu kasallikdan forig‘ bo‘lgan. Hozirda kasallik yuqtirgan 335 829 nafar odam karantinda yoki shifoxonada davolanmoqda. Ularning 321 030  nafari yoki 96 foizi ahvoli qoniqarli, 14 799 nafari esa og‘ir ahvolda.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Koronavirus Uxan'

Baholaganlar

1157

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing