Koronavirus sabab Yulduz Usmonovaning konserti vaqtincha to‘xtatildi

Madaniyat-san’at

image

Xabaringiz bor, bugun, 15 mart kuni soat 06:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda ilk bor koronavirusga chalingan bemor aniqlandi. Shu munosabat bilan bugun, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov koronavirus xavfi sabab mamlakatdagi barcha ommaviy tadbirlar – madaniy tadbirlar va sport musobaqalari, jumladan barcha hududlarda o‘tadigan Navro‘z umumxalq bayrami bilan bog‘liq tadbirlar bekor qilinganini aytdi. 

Ma’lumki, mamlakatdagi “Xalqlar do‘stligi”, “Turkiston” saroyi va “Humo” arena muz saroyida o‘tishi rejalashtirilgan konsert dasturlari bor. Aytaylik, joriy yilning 25 martiga qadarm O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova “Xalqlar do‘stligi” konsert saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda. Ushbu saroy esa o‘z bag‘riga 4 mingdan ortiq tomoshabinni qamray oladi. Xo‘sh, mamlakatda barcha ommaviy tadbirlarning bekor qilinishi bilan bog‘liq taqiqlar Yulduz Usmonovaning konsertlariga ham tegishlimi? QALAMPIR.UZ ushbu savolga javob olish uchun tegishli tashkilotlar bilan bog‘landi. 

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorovning ma’lum qilishicha, Yulduz Usmonovaning konserti ertaga, 16 martdan e’tiboran to‘xtatiladi. 

Konsertning bekor qilinishi bugun, 15 mart kuniga aloqador emas. 

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning konserti mamlakatdagi koronavirus bilan bog‘liq holat barqarorlashgach, davom etadi. Ammo, konsertning qolgan seanslari qaysi kunlarga ko‘chirilish hozircha ma’lum emas. Konsert kunlarining ko‘chirilishi va chiptalarning amal qilish sanalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi. 

Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.


Maqola muallifi

Teglar

Yulduz Usmonova

Baholaganlar

317

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing