Koronavirus sabab futzal bo‘yicha Osiyo chempionati ham qoldirildi

Sport

image

Joriy yilning 26 fevral – 8 mart kunlari Turkmaniston davlatida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionati noma’lum muddatga qoldirildi.

Bunga sabab Xitoyda keng tarqalgan koronavirus xavfi ortib borayotganida. Hozirda ushbu musobaqaning qaysi sanada o‘tkazilishi ma’lum emas. Tyez kunlarda OFK tomonidan bunga aniqlik kiritilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, futzal bo‘yicha ushbu Osiyo chempionatida joriy yilning 12 sentyabr va 4 oktyabr kunlari Litva davlatida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati uchun yo‘llanmalar ham o‘ynaladi.

Osiyo chempionatida kuchli beshlikka kira olgan terma jamoalar Jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Bundan oldingi Jahon chempionati Kolumbiya davlatida o‘tkazilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston futzalchilari ishtirok etgan edi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston futzal terma jamoasi mazkur musobaqaning S guruhida Bahrayn, Indoneziya va Xitoy termalariga qarshi kurash olib boradi.

Avvalroq, koronavirus sabab Xitoyda o‘tishi kerak bo‘lgan boks bo‘yicha Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi musobaqa qoldirilgandi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.

Virusdan halok bo‘lganlar soni 492 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 24552 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus futzal

Baholaganlar

15

Reyting

2.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing