Koronavirus: Rossiyada antirekord qayd etildi
Olam
−
30 Oktabr 2021
8809Rossiyada koronavirus bilan kasallanish kecha, 29 oktyabr kuni 40 251 tani tashkil qildi. Bu pandemiya boshlanganidan beri kuzatilgan eng yuqori kunlik ko‘rsatkich hisoblanadi, deya xabar bermoqda “Interfaks” nashri.
Qayd etilishicha, shu haftaning o‘zida Rossiyada koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni ikki marta 40 mingdan oshgan. Kasallanish holatlari ko‘paymasligi uchun esa joriy yilning 7 noyabriga qadar ishlamaydigan kunlar deya e’lon qilingan.
Ma’lum qilinishicha, kunlik kasallanish Moskvada – 7 267, Sankt-Peterburgda – 3 578 va Moskva viloyatida – 2 680 tashkil qilmoqda. Koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni eng ko‘p bo‘lgan beshta hududga Samara (1 405) va Nijniy Novgorod (815) viloyati ham kirgan.
Xabarga ko‘ra, so‘nggi bir kun ichida Rossiyada koronavirusdan 1 160 kishi vafot etgan. Ularning 97 nafari Moskva, 76 nafari Peterburg va 43 nafari Krasnodarga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, Rossiyada butun pandemiya davrida 8 million 472 ming 797 nafar kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 237 380 nafari vafot etgan va 7 million 331 ming 424 kishi to‘liq tuzalgan.