Koronavirus qurbonlari soni 5 mingga yaqinlashdi
Olam
−
13 mart 2020
7120Xitoyda paydo bo‘lib dunyoga yoyilgan COVID-19 koronavirusi bilan bog‘liq so‘nggi ma’lumotlar bilan tanishamiz. Bugun, 13 mart kuniga kelib koronavirus dunyoning 127 davlatiga yoyildi.
2019-nCoV virusidan bugungacha 134 716 nafar odam kasallandi. Ularning 116 minggi uch davlat – Xitoy (80 814 nafar), Italiya (15 113 nafar) va Eronda (10 075 nafar) aniqangan.
Koronavirus aniqlangan insonlarning 70 381 nafari kasallikdan forig‘ bo‘lgan. Hozirgi vaqtda virus 59 356 nafar odamda faol holatda bo‘lib, ularning 10 foizi yoki 5994 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.
Koronavirus qurbonlari soni 4979 nafarga yetdi. Qurbonlarning ham asosiy qismi uch davlat – Xitoy (3176 nafar), Italiya (1016 nafar) va Eron (429 nafar) hissasiga to‘g‘ri kelyapti.
Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat Janubiy Koreya, Ispaniya, Fransiya, Germaniyada ham jiddiy tus olgan. Janubiy Koreya alloqachon mamlakatda qattiq karantin rejimini joriy qilgan. Yevropaning yirik davlatlari esa endi-endi shunday jiddiy choralar qo‘llashga majbur bo‘lyapti. Koronavirusga chalinganlar soni AQSHda ham ortib boryapti.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli uni epidemiya emas, pandemiya deb e’lon qildi. Bu virus bir emas, bir nechta davlatlarni to‘laqonli qamrab olganda e’lon qilinadigan holat hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi. Virus bugungacha 127 davlatga kirib bordi.
Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
LiveBarchasi