Koronavirus qurbonlari soni 1873 ga yetdi. Xitoyda pullarni tozalash boshlandi

Olam

image

Bugun, 18 fevral holatiga Xitoyda paydo bo‘lgan COVID-19 koronavirusi bilan kasallanganlar soni 73 335 nafarga yetdi. Ularning 72 438 nafari Xitoyning materik qismida qolgani dunyoning 30 yaqin davlatida aniqlangan.

Koronavirusdan davolanganlar soni 12 783 nafarga yetdi. Bemorlarning 20 foizi yoki 11 795 nafari og‘ir ahvolda qolyapti.

Virusdan halok bo‘lganlar soni 1873 nafarni tashkil qilyapti. Ularning 1868 nafari Xitoyda halok bo‘lgan.

Rasmiy Pekin COVID-19 nomi bilan ma’lum bo‘lgan virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan yangi choralarni e’lon qildi. Xususan, infeksiya tarqalgan hududlardagi binolar lift tugmachalari, eshik tutqichlari va boshqa virus turib qolishi mumkin bo‘lgan joylar muntazam ravishda dezinfeksiya qilinadi.

Shuningdek, Xitoy markaziy hukumatining xabar qilishicha, hozirda barcha Xitoy banklari o‘zlarining pullarini qayta tozalashlari, ultrabinafsha nurlar va yuqori haroratlar bilan tozalashlari, so‘ngra yetti kundan 14 kungacha saqlashi kerak. Aks holda, pullar muomalaga chiqarilmaydi va yo‘q qilinadi.

Valyutaga bo‘lgan talabni qondirish uchun banklar ko‘p miqdordagi yangi, infeksiyalanmagan naqd pul chiqaradi.

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 28 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, AQSH, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya, Belgiya va Misrda aniqlandi.

JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. JSST yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.

Koronavirus bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy virus

Baholaganlar

155

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing