Koronavirus bilan zararlangan o‘pkaning rasmlari e’lon qilindi
Olam
−
03 fevral 2020
23252Xitoylik shifokorlar 2019-nCoV koronavirusini yuqtirgan bemor o‘pkalarining suratlarini e’lon qildi.
"Radiology" jurnalida chop etilgan zararlangan o‘pkaning rasmlari Lanchjou shahridagi shifoxonaga 39 daraja harorat bilan yotqizilgan 33 yoshli ayolning kompyuter tomografiyasi yordamida olingan.
Birinchi rasmda xira tumanni ko‘rish mumkin. Uch kun o‘tgach, olingan ikkinchi suratda ta’sirlangan hudud kengayib borayotgani yaqqol ko‘rinib turadi.
"Bemorga epidemiologik xususiyatlar, klinik ko‘rinish, ko‘krak qafasi rasmlari va laboratoriya ma’lumotlari asosida 2019-nCoV pnevmoniya tashxisi qo‘yildi", deyiladi nashrda.
Yangi koronavirus
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.
Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 26 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal va Ispaniyada aniqlandi.
Virusdan halok bo‘lganlar soni 362 nafarga, u bilan kasallanganlar soni 17205 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi.
LiveBarchasi