Koronavirus bilan 3 yil. Yashashning qadriga yetdik
Tahlil
−
15 mart 2023
6982Bugun, 15 mart. O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanganiga 3 yil to‘ldi. Aksariyatimiz allaqachon ushbu kasallikni boshdan kechirib, undan davolanib, hayotni yangidan boshladik. Nafas olishning o‘zi eng katta baxt ekanini vijdonan tan oldik, his qildik. Ko‘plarimiz yaqinlarimizni boy berdik. Na mansab, na shuhrat va na boylik tojdor dushman oldida kuchsiz ekanini bildik. Va yana 3 yilda o‘zimizni yanada ozoda saqlashga, gigiyenaga rioya qilishga, shifokorlar maslahatlariga quloq tutishga, to‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlarni tark etish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga, viruslarga to‘la hayotda ularga yengilmay yashashni o‘rgandik.
Roppa-rosa uch yil muqaddam ayni shu kuni Respublika virusologiya ilmiy-tekshirish instituti laboratoriyasida O‘zbekistonda koronavirus bilan zararlangan ilk bemor aniqlandi.
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova o‘sha kunlarni shunday eslaydi:
“15 mart kuni soat uchda menga qo‘ng‘iroq qilishdi, fuqarolardan birida COVID-19 aniqlandi, deb. Shundan so‘ng ertalab soat oltigacha uxlolmadim, "endi nima bo‘ladi, nima qilamiz", degan savollar tinchlik bermagan. Ertalab, soat oltida uydan chiqib ketayotganimda bolalarim uxlayotgandi, dam olish kuni edi. Xayolimga ham kelmaganki, shu ketgancha ishxonada besh yarim oy qolib ketaman, deb. 2020 yil aprelda nabiralarimdan biri 9 yoshga kirdi, bora olmadim. Nega ishga kelayotgan kunim to‘yib bag‘rimga bosmadim, erkalamadim, deb afsuslanganman. Ishxonamiz qattiq qo‘riqlanardi, tashqaridan hech kim kiritilmasdi, 5 metr naridan yaqinlarimni ko‘raman, qo‘l silkiyman, aniq ko‘ra olmayman, faqat telefonda gaplashamiz.
Boshida tashkiliy masalada ancha qiyinchiliklar bo‘ldi. Bir kun ichida vazirlik yordamida kerakli apparatlar olib kelingan. Uch soat ichida klinikada davolanayotgan boshqa bemorlarni uyiga jo‘natganmiz.
O‘sha kunning o‘zida yana boshqalarda ham virus aniqlana boshladi, ya’ni soat 14:00 larda Angliyadan kelgan ikki nafar fuqaroda infeksiya tasdiqlandi. Keyin Turkiyadan qaytgan bemorda, so‘ng boshqasida, qarabsizki, xastalik aniqlanganlar soni orta boshladi”.
O‘zbekiston hukumati, xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘sha paytda ko‘rilgan chora-tadbirlar vaziyatni o‘z vaqtida jilovlashga juda katta yordam berdi. Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablag‘lar ajratildi.
O‘zbekiston va COVID-19
Koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar ko‘rildi. Avvalo, Respublika maxsus komissiyasi tuzilib, unga xalqaro ekspertlar jalb etildi. Ular shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizda ushbu sohaga ixtisoslashgan davolash muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga ham konsultativ yordam ko‘rsatdi.
Davlat chegaralaridagi 53 ta sanitariya-karantin punktiga qo‘shimcha vrachlar, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratildi. Ushbu punktlardan o‘tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ma’lumotlar olinib, birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan ular ustidan 14 kunlik tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatga kirib kelayotgan minglab fuqarolar tibbiy kuzatuvga olinib, kasallik alomatlari yo‘qligiga ishonch hosil qilingachgina nazoratdan chiqarildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tunu kun ishlovchi 1003 qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirildi. U orqali koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq savollarga mutaxassislardan tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalar berib borildi.
Karantindagi O‘zbekiston
O‘zbekiston hududida 2020 yil 24 mart soat 00:01 dan boshlab koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib (karantin) joriy etildi.
Xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaromiz olib kelingani haqida xabar berildi.
Ularning barchasi 160 ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi. Tajribali shifokorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, AQSH, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi qator davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda “COVID-19 bo‘yicha milliy qo‘llanma” yaratilishi o‘zbek shifokorlari uchun kasallikka qarshi kurashda dasturilamal bo‘lib xizmat qildi.
Koronavirusning “xonakilashishi”
Kasallikning rivojlanish dinamikasiga qarab karantin cheklovlari goh yumshatilib, goh kuchaytirib borildi. Shu munosabat bilan moddiy daromad manbaini yo‘qotgan, ishsiz va ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar belgilandi.
Iyul oyida kasallanish haddan ortiq kuchayishi sabab shifoxonalarga juda og‘ir bosim bo‘ldi. Ammo virusning yuqish darajasi hammada har xil edi. Shu sababdan ham ayrim bemorlarni uy sharoitida davolashga o‘tkazish orqali tibbiyot muassasalaridagi yuklamani ancha yengillashtirish mumkin edi.
Ammo bemorlarni uyda davolash uchun biror yo‘riqnomaga ehtiyoj sezilardi. Shu sababdan ham Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i asosida COVID-19ning alomatsiz shakli bilan kasallanganlarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi belgilandi.
Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida uyida muolaja olayotgan koronavirusga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan preparatlar ro‘yxati tasdiqlandi. Shuningdek, yurtimizda nodavlat tibbiyot tashkilotlariga pullik asosda COVID-19 infeksiyasini aniqlash hamda o‘z shifoxonasida davolashga rasmiy ruxsat berildi.
Shu tarzda butun O‘zbekiston tibbiyoti “tojdor ofat”ga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashga kirdi.
Qahramonlik e’tirofi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi.
Ushbu hujjat orqali pandemiya davrida qasamyodiga sodiq qolib, millat salomatligi uchun kurashgan tibbiyot xodimlarining bir guruhi yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. Ular orasida virusga qarshi jangda qurbon bo‘lgan fidoyi shifokor va hamshiralar ham bor edi.
Koronavirus bilan qarshi olingan ilk yangi yil!
O‘zbekistonda pandemiya boshlangandan beri koronavirusga qarshi kurashish uchun hududlardagi tibbiyot muassasalari umumiy qiymati 85 049,3 ming AQSH dollariga teng tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, bemorlarni davolashga ixtisoslashgan maxsus shifoxona va karantin majmualari hamda zamonaviy laboratoriyalarni bunyod etish uchun 965 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, qisqa muddatda Toshkent shahri va hududlarda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan qariyb 30 ming o‘rinli davolash maskanlari tashkil etilib, ular zarur dori-darmon, himoya, eng zamonaviy diagnostika va davolash vositalari bilan ta’minlandi. Qayd etish joizki, pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 ming nafardan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, 150 nafar chet ellik yuqori malakali mutaxassis jalb qilindi.
Pandemiyaga qarshi kurash ishlari uchun 2021 yilgi davlat byudjetidan 3 trillion so‘mlik zaxira shakllantirilib, ushbu mablag‘lar hisobidan emlash tadbirlari ham amalga oshirildi.
COVID-19ga qarshi kurashda O‘zbekiston tajribasi
COVID-19 ga qarshi kurashda tibbiyoti rivojlangan ayrim davlatlar ham bemorlar uchun o‘rin-joy yetishmasligidan bir muddat sarosimada qolganini ko‘rdik. O‘zbekiston bu paytda o‘ziga xos alohida muassasa qurishni boshlab yuborgan edi. Zangiota tumanidagi maxsus shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektarda 2 ta zamonaviy kompleks qad ko‘tardi. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va eng so‘nggi tibbiyot talablari inobatga olindi. Muassasa 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lsa-da, uni 4 ming o‘ringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor edi.
“Aytish lozimki, pandemiya davomida mazkur tibbiyot muassasalari xalqimiz salomatligini asrash, xususan, COVID-19 ga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolash, ularga tezkor va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, bu orqali infeksiyaning aholi orasida keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yurtimizdagi asosiy shifo maskanlariga aylandi. Markazimiz to‘liq quvvatda ishga tushgach, qator tibbiyot muassasalari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha odatiy tartibda faoliyatini davom ettira boshladi”, deydi Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov.
Vaksinatsiya!
Virusga qarshi kurashda eng asosiy omil, shubhasiz, vaksinatsiyadir. Pandemiya avj olgan davrlarda O‘zbekiston aholisi uchun vaksina yetkazib berilishi katta muammolardan biri bo‘lib turgan edi. Keyinchalik xalqaro tashkilotlar ko‘magi, hukumatimizning bu masalaga jiddiy e’tibori natijasida yurtimizga olib kelinadigan koronavirusga qarshi vaksinalar turi va dozasi ortib bordi. Hatto Xitoyda yaratilgan yangi turdagi preparat sinovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgani uchun O‘zbekiston ushbu vositaning hammuallifiga aylandi.
Keyinchalik bir necha turdagi emdorilar yurtimizda ishlab chiqarilishiga ham erishildi.
Shu paytgacha mamlakatda COVID-19 ga qarshi AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, Sputnik-V, Moderna, Pfizer-BioNTech, Sinovac, Sputnik Light, Johnson&Johnson vaksinalaridan foydalanildi.
Bugungacha O‘zbekiston fuqarolari 75 million doza vaksina bilan emlandi. Ayni paytda birinchi dozani olish ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 100 foizni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari, ko‘plab fuqarolar 24 milliondan ortiq buster doza qabul qilgan.
Koronavirusli hayot
COVID-19 virusi hali ham oramizda. Bunday infeksiyalarga dunyomizni topshirib qo‘ymaslik uchun insoniyat tabiat bilan murosa qilib yashashga, o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikka, ilm-fandan faqat odamlar salomatligini saqlashda foydalanishga, tibbiyotni to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlantirishga majbur.
Koronavirusni “beton to‘siqlar” bilan to‘xtatib bo‘lmasligini achchiq saboqlar orqali angladik. Shunga qaramay, Prezidentimizning tibbiyot sohasidagi oqilona siyosati, davlat tomonidan favqulodda vaziyatlarda ehtiyot choralari samarali tashkil etilgani, shifokorlar fidoyiligi, vaksinatsiya tadbirlari o‘z vaqtida yo‘lga qo‘yilgani, odamlarning sog‘lom turmush tarziga amal qilishi orqaligina bunday infeksiyalarga g‘ov bo‘lish mumkinligiga ishonch hosil qildik!
LiveBarchasi