Koreyadagi avtoehtiyot qismlar zavodida dahshatli yong‘in yuz berdi (video)
Olam
−
20 mart 3313 2 daqiqa
Bugun, 20 mart kuni Janubiy Koreyaning Tejon shahridagi avtoehtiyot qismlar ishlab chiqarish zavodida yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda kamida 53 kishi jarohatlandi, yana 14 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in haqidagi xabar taxminan soat 13:17 da kelib tushgan, shundan so‘ng Milliy yong‘in xavfsizligi agentligi butun mamlakat bo‘ylab yong‘inni o‘chirish kuchlarini safarbar qilish to‘g‘risida buyruq bergan. Bunday buyruq yong‘in ko‘lami mahalliy hokimiyat imkoniyatlaridan oshib ketganda chiqariladi.
Rasmiy shaxslarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in boshlangan vaqtda zavodda 170 nafar ishchi bo‘lgan va ulardan 14 nafari bilan hali ham bog‘lanishning imkoni bo‘lmayapti. Jabrlanganlarning ko‘pchiligi, jumladan, og‘ir jarohat olgan 24 kishi zaharli gazdan nafas olgan yoki binodan yiqilib tushgan.
Yong‘inni o‘chirish uchun voqea joyiga 200 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va 90 ta texnika yo‘naltirilgan, ularga o‘rmon xo‘jaligi xizmati vertolyotlari yordam bermoqda. Zavodni tashkil etuvchi ikkita binodan biri butunlay yonib ketgan, ikkinchisi esa hali ham yonmoqda. Binoning qulab tushish xavfi borligi sababli o‘t o‘chiruvchilar ichkariga kira olmayapti. Shuningdek, yong‘inni o‘chirish binoda 200 kilogramm natriy mavjudligi sababli qiyinlashmoqda, chunki noto‘g‘ri harakat sabab u portlab ketishi mumkin.
Mamlakat Prezidenti Li Chje Myon mutasaddilarga jabrlanganlarni qutqarish va yong‘inni jilovlash uchun barcha mavjud resurslarni safarbar qilishni buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Odisha shtatidagi shifoxonada sodir bo‘lgan yong‘inda kamida 10 bemor halok bo‘lgan edi.