Koreyada o‘z uyidan o‘lik holda topilgan o‘zbekistonlik qiz haqda rasmiy ma’lumot berildi
3-sahifa
−
23 aprel 50606 3 daqiqa
Avvalroq, Janubiy Koreyaga ishlash maqsadida ketgan o‘zbekistonlik 26 yoshli ayol uyidan o‘lik holda topilgani haqda xabar berilgandi. U o‘z joniga qasd qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi voqea sodir bo‘lgan kundan boshlab Janubiy Koreya huquq-tartibot organlari bilan ayolning o‘limi holatiga oydinlik kiritish, tergov harakatlarini haqqoniy olib borilishini ta’minlash maqsadida hamkorlik qilib, uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.
Yaqinda olib borilayotgan tergov ishlari haqda aniq ma’lumotlarni taqdim etish maqsadida marhumaning onasi Feruza Alimbekova elchixona hamda mazkur davlat politsiyasi ko‘magida Janubiy Koreyaga taklif etilgan.
Joriy yilning 14 aprel kuni marhumaning onasi, uning advokati hamda elchixona xodimlari ishtirokida hodisa yuzasidan tergov harakatlarini olib borayotgan Pxyontxek shahar politsiyasi mas’ullari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
Uchrashuvda Koreya politsiyasi vakillari O‘zbekiston fuqarosining vafoti hamda ushbu holatning yuz berish tafsilotlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shimcha tekshiruv tadbirlari xususida ma’lumot bergan.
Koreya huquq-tartibot organlarining ma’lum qilishicha, fuqaro Nozima Kimning o‘limi yuzasidan olib borilgan dastlabki tergov va ekspertiza natijalariga ko‘ra, marhumaning vafotida qotillik alomatlari aniqlanmagan.
Bundan tashqari, Koreya politsiyasi tomonidan voqea sodir bo‘lgan tunda yozilgan marhuma istiqomat qilgan uyning atrofidagi, shuningdek, Nozimaga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan kasalxona hamda Pxyontxek shahridagi “Sonmu” shifoxonasidagi kameralarga muhrlangan videotasmalar ham marhumaning onasiga va uning advokatiga ma’lumot tariqasida ko‘rsatilgan.
Uchrashuv davomida Pxyontxek shahridagi Koreya Milliy sud-tibbiyot ekspertizasi tomonidan amalga oshirilgan chuqurlashtirilgan ekspertiza natijalari ham ma’lum qilingan.
Mazkur tahlil natijalariga ko‘ra, fuqaro Nozima Kimda o‘z joniga qasd qilish tashxisi asosida o‘lim holati qayd etilgan. Shuningdek, DNK, qon, barmoq izi tahlil qilingani, uning tanasidan zaharli va dori moddalar yoki ichki hamda tashqi tana qismlarida qattiq zarba ta’sirida yuzaga kelgan ko‘karish holatlari aniqlanmagani bo‘yicha ham ma’lumot berilgan.
Koreya politsiyasi xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan marhuma Nozima Kimga tegishli turli suratlar tergov jarayonida olinmagani va ularni tarqatish Koreya qonunchiligi bo‘yicha taqiqlanishini bildirgan.
Uchrashuvda Pxyontxek shahar politsiyasi vakillari hozirda tergov jarayoni davom etayotgani, natijasi bo‘yicha ma’lumotlar marhumaning yaqinlariga taqdim etilishini bildirgan.
“Mazkur holat mamlakatimiz elchixonasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, diplomatik vakolatxona marhumaning vafotiga oydinlik kiritish bo‘yicha Koreya politsiyasi bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
Shu o‘rinda, elchixona fuqarolarimizdan marhuma vatandoshimizning xotirasini hurmat qilishga, turli tasdiqlanmagan, noto‘g‘ri va asossiz ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirib qoladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.
Turkiyaning Istanbul viloyati Moltepa tumanida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan o‘ldirilib, chiqindiga tashlangani aniqlangandi.
Qolaversa, Turkiyaning Bodrum shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli M.S. uyiga ketish uchun mingan avtomobilda ikki erkakning jinsiy tajovuziga uchragandi.
Live
Barchasi