Koreyada so‘nggi bir asrdagi eng issiq harorat qayd etildi
Olam
−
17:32 1107 2 daqiqa
Janubiy Koreyada so‘nggi bir asrdan ortiq vaqt ichidagi eng yuqori harorat qayd etildi. Mamlakat janubidagi Yansan shahrida havo harorati 42,5 darajaga ko‘tarilib, mutaxassislar aholini ochiq havodagi barcha faoliyatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yansan shahrida joriy yil 2 avgust kuni qayd etilgan 42,5 daraja harorat 1904 yildan buyon mamlakatdagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ushbu hududda jazirama issiq beshinchi kun ketma-ket 40 darajadan oshgan. Janubiy Koreyaning boshqa yirik shaharlari, jumladan, Degu va Busanda ham harorat 30 darajaning oxirgi ko‘rsatkichlariga yetgan.
Rasmiylar issiq to‘lqini sabab aholiga konditsionersiz yopiq joylarda qolish xavfli ekanini bildirgan. Meteorologiya boshqarmasi fuqarolarni salqin joylarga o‘tish, ko‘proq suyuqlik ichish va quyosh ostida uzoq vaqt qolmaslikka chaqirgan.
“Barcha ochiq havodagi faoliyatlarni zudlik bilan to‘xtating”, deya ogohlantirgan mamlakat Meteorologiya boshqarmasi.
Seulda ham odamlar jaziramada qochish uchun konditsionerli savdo markazlari, kafelar va maxsus sovituvchi purkagichlar o‘rnatilgan hududlarga to‘plangan.
Janubiy Koreya Bosh vaziri Xan Song-suk mahalliy hokimiyatlarga issiqdan eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan aholi holatini nazorat qilish, shuningdek, elektr va suv ta’minoti barqarorligini ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan.
Mamlakatning 20 dan ortiq hududida favqulodda issiq to‘lqini bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilingan. Bu yil kiritilgan yangi ogohlantirish tizimi havo harorati xavfli darajaga yetgan hududlarda qo‘llanmoqda.
Issiq ob-havo sport tadbirlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Changvon shahrida harorat 39,5 darajaga ko‘tarilgani sabab professional beysbol ligasidagi uchrashuvlardan biri bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada joriy yil boshidan buyon yuqori haroratlar oqibatida qariyb 10 ming kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi