Koreya sun’iy intellektni tartibga solgan ilk davlat bo‘ldi

Olam

image

Janubiy Koreya sun’iy intellektdan (SI) xavfsiz foydalanishni tartibga soluvchi keng qamrovli qonunni rasman qabul qildi. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bu borada dunyoda birinchi bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Yangi hujjatda “yuqori xavfli” sun’iy intellekt tushunchasi joriy etilgan. Bunday SI modellariga yadroviy xavfsizlik, ichimlik suvi ishlab chiqarish, transport, sog‘liqni saqlash, moliyaviy ilovalar, kreditga layoqatlilikni baholash va kredit arizalarini tekshirish sohalarida qo‘llaniladigan tizimlar kiradi. Qonunga ko‘ra, bunday modellar ishlatilganda inson nazorati majburiy bo‘ladi.

Shuningdek, bozor ishtirokchilari “yuqori xavfli” yoki generativ SI ishlatiladigan mahsulot va xizmatlar haqida foydalanuvchilarni oldindan xabardor qilishi shart. Generativ SI yordamida yaratilgan kontentda uning kelib chiqishini ko‘rsatuvchi maxsus belgi bo‘lishi lozim.

Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi vakilining aytishicha, SI yordamida yaratilgan kontentni belgilash texnologiyadan suiiste’mol qilish, jumladan, dipfeyklar yaratish kabi salbiy oqibatlarning oldini olish uchun zarur ehtiyot chorasi hisoblanadi.

Qonun ayrim holatlarda texnologik kompaniyalardan Janubiy Koreyada rasmiy vakolatxona ochishni ham talab qiladi. Bu talablar kuniga 1 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan yoki mamlakatdagi daromadi 10 milliard vondan oshadigan kompaniyalarga tatbiq etiladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada xizmat ko‘rsatadigan va yillik global daromadi 1 trillion vondan yuqori bo‘lgan kompaniyalar ham ushbu talablarga tushadi. Bu mezonlar Google va OpenAI kabi kompaniyalarga ham taalluqlidir.

Qonunni buzgan kompaniyalarga 30 million vongacha jarima solinishi mumkin. Biroq hukumat xususiy sektor moslashuvi uchun bir yillik imtiyozli davr joriy etishni rejalashtirmoqda. Ushbu davrda jarimalar qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, qonunda hukumat sun’iy intellekt sanoatini rivojlantirishga ko‘maklashishi shartligi belgilangan. Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri har uch yilda ushbu yo‘nalish bo‘yicha siyosat rejasini taqdim etishi lozim. Shuningdek, SI sohasida qarorlar qabul qiluvchi yangi organ – Sun’iy intellekt bo‘yicha milliy strategiya bo‘yicha Prezident kengashi tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Koreya sun'iy intellekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing