YeXHT kuzatuvchilari “kattasi”ning O‘zbekistondagi saylovga e’tirozi bormi?

Jamiyat

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHR) Saylovni kuzatish missiyasi rahbari Kayetana De Zuluyeta Toshkent shahridagi 882-saylov uchastkasida saylov jarayonlarini kuzatdi.

De Zuluyetaning aytishicha, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining delegatsiyasi 222 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilar, 55 nafar YeXHT Parlament Assambleyasi va asosiy doimiy kuzatuvchilar bilan umumiy 316 nafardan iborat. Ular O‘zbekiston bo‘ylab saylov uchastkalarida bo‘lib, jarayonni kuzatmoqda.

Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqining 37 ta davlatidan jamlangan. Bu YeXHTning O‘zbekistonda o‘tayotgan saylovlarni ikkinchi marotaba shunday to‘liq jamoa bilan kuzatishi.

De Zuluyeta xonim O‘zbekistonda o‘tayotgan saylovlarda, saylov byulletenlarida barcha nomzodlarga qarshi ovoz beruvchi qatorning yo‘qligiga munosabat bildirdi.

“Barcha saylovchilarga qarshi ovoz berish imkoniyati ba’zi davlatlarning saylov byulletenlarida uchraydi. Ammo shaxsan men bunday grafani ko‘rmaganman, kuzatmaganman. Mening fikrimcha, saylovlar bunday tanlovsiz ham yaxshi tashkillashtirilishi mumkin”, dedi De Zuluyeta xonim.

Shundan so‘ng, YeXHT vakili partiyalar vakili bo‘lmagan mustaqil nomzodlarning yo‘qligi haqida gapirib o‘tdi.

“YeXHT avvalgi hisobotlarida tashkilot qoidalariga ko‘ra, mustaqil nomzodlar bo‘lishi lozimligi borasida parlament va avvalgi prezidentlik saylovlarida tavsiyanoma bergan. Ammo bu o‘z nomi bilan tavsiya bo‘lib, u bungacha ham, 2016 yilda ham berilgan”, dedi YeXHT delegatsiyasi rahbari.

De Zuluyeta xonim szida davom etib, saylov jarayonini tashkil etishda kamchiliklar borasida hozir aniq ma’lumot berolmasligini aytib o‘tdi.

“Hozir kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekiston bo‘ylab, saylov jarayonlarini kuzatmoqdalar. Barcha mintaqadagi uzoq va qisqa muddatli kuzatuvchilardan axborot kelib turibdi. Yakuniy natijalar bilan ertaga YeXHT Parlament assambleyasi kuzatuvchilari yetakchilari bilan o‘tkaziladigan anjumanda e’lon qilinadi. Shunday ekan, ertaga menda bu haqda aniq ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Yana bir narsani ta’kidlashim kerakki, Kuzatuvchilar kodeksi ko‘ra, kuzatuvchi saylov jarayoniga aralashmaydi. Biz faqat kuzatamiz. Agar belgilangan normalarga zid holatni aniqlasak. Uni o‘z hisobotimizga kiritamiz va e’lon qilamiz.”, deydi De Zuluyeta xonim.


Maqola muallifi

Teglar

saylov EXHT Kayetana De Zulueta

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing