“Korean and migrations"dan jabr ko‘rganlarga pullari qachon qaytariladi? IIV rasmiysi javob berdi
Jamiyat
−
24 fevral 2020
49942019 yilning 28 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Korean and migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJga berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi 0010-sonli litsenziyani to‘xtatganini haqida xabar qilgan edi.
Bugun, 22 fevral kuni shu mavzu yuzasidan OAV uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom etayotgani, O‘zbekistonda 2385 kishini 24,8 mlrd so‘m pulga chuv tushirgan xususiy bandlik agentligi faoliyatiga chek qo‘yilgani qayd etildi.
Bugun, 24 fevral kuni IIV Interpol byurosi binosi oldiga “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan jabrlangan fuqarolar to‘plandi. Ular ish qaysi jarayonda ekani va mablag‘lari qay tartibda qaytarilishi borasida murojaat qilishgan. Fuqarolar bilan IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Oybek Qulbekov uchrashib, ish nazoratda ekani, bundan tashqari tergov jarayoni yakuniga yetishi bilan barchaga pullari qaytarilishi haqida tushintirish bergan.
Jabrlanuvchilardan ko‘plari “Human” xususiy bandlik agentligidan jabrlanganlarga pul mablag‘lari qaytarilgani, ular ham ana shu tartibda tezroq qaytarishlarini so‘rashgan. IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Qulbekov quyidagicha javob bergan.
“Human” xususiy bandlik agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda mazmunan ko‘rib chiqilib, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mavjud bo‘lgani uchun fuqarolarimizga yetkazilgan zararni qoplash masalasi hal etildi. Xuddi shu tartibda “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MCHJga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov xarakatlari tamomlanish arafasida. Biz jinoyat ishi bo‘yicha tergovni yakunlayapmiz va ayblanuvchilarni tanishtiramiz, sud muhokamasiga yuboramiz”, deydi Oybek Qulbekov.
QALAMPIR.UZ mazkur masala bo‘yicha IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Qulbekov bilan atroflicha suhbatlashgan. Intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi