Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum natijalari e’lon qilindi

Olam

image

Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni ovoz beruvchilarning 77,18 foizi yoki 6,1 million kishi qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Qozog‘iston Markaziy saylov kommisiyasi rahbari Nurlan Abdirov brifing chog‘ida ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, saylovchilarning 18,66 foizi yoki 1 million 490 ming 470 nafari Konstitutsiyani o‘zgartishga qarshi ovoz bergan. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda aholining 68,05 foizi (8 millionga yaqin fuqaro) qatnashgan. Qozog‘istonda jami 11,73 million fuqaro ovoz berish huquqiga ega.

Avvalroq, MSK ovoz berishning dastlabki natijalarini sarhisob qilib, saylov byulletenlarining taxminan 1,58 foizida ikkita javob (“rozi” va “qarshi”) borligini aniqlagan edi. Biroq ovozlarni sanashda ular hisobga olinmagan. Yana 2,58 foiz byulleten yaroqsiz deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyun kuni Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. 

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining uchdan bir qismiga tegishli bo‘lgan jami 33 ta o‘zgartirish ovozga qo‘yildi. Asosiy o‘zgartirishlardan biri Konstitutsiyadan respublikaning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga bag‘ishlangan moddaning chiqarib tashlanishidir. Tuzatishlar qabul qilinganligi sababli, u o‘zining ko‘pgina shaxsiy imtiyozlari va Elboshi (millat yetakchisi) maqomini yo‘qotadi, endi uning huquqiy pozitsiyasi sobiq Prezidentlar to‘g‘risidagi amaldagi qoida bilan tartibga solinadi. Nazarboyevning o‘zi Konstitutsiyadan uning nomini olib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.

O‘zgartirishlarda, shuningdek Qozog‘istonning bir Prezidenti ketma-ket ikki martadan ko‘p saylanishi mumkin emasligi, shu bilan birga u o‘z vakolati muddati davomida partiyadan chiqishi kerakligi ham nazarda tutilgan. Bundan tashqari, uning yaqin qarindoshlariga davlat xizmatchisi lavozimlarini egallash taqiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

87

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing