Kongressmen Trampga impichment e’lon qilishga chaqirdi

Olam

image

AQSHning Merilend shtatidan bo‘lgan kongressmen-demokrat Eypril Delani Venesueladagi noqonuniy harakatlar Prezident Donald Trampning impichment (lavozimdan ozod etilishi – tahr. ) uchun asos bo‘lishini aytdi. 

“O‘tgan dam olish kunlari biz Prezident – Konstitutsiyamiz talab qilganidek, Kongressning ruxsati yoki roziligisiz – Venesuelaga hujum boshlagani va mamlakatni “boshqarish” niyatini e’lon qilganiga guvoh bo‘ldik. Endi bizning demokratik fraksiyamiz tez orada impichment jarayonini boshlash masalasini ko‘rib chiqishi kerak, deb hisoblayman”, deyiladi siyosatchi saytidagi press-relizda. 

Avvalroq, Tramp Demokratik partiya unga Vladimir Zelenskiydan "firibgarlik qilmaslik"ni so‘ragani, shuningdek, Ukraina rasmiylarini korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirgani uchun impichment e’lon qilishga uringanini aytgandi. Tramp 2019 yilda ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini eslagan. 

“Men Ukrainaga firibgarlik qilmaslikni aytdim.  Agar siz biron bir firibgarlikni ko‘rsangiz, bu haqda AQSH Bosh prokuroriga xabar bering. Mening qo‘ng‘iroq qilishimning ma’nosi shu edi. Ular (Demokratik partiya vakillari – tahr.) aytdi: u ularni qo‘rqitmoqchi bo‘lgan," - dedi Amerika etakchisi AQSH Kongressi Vakillar palatasidagi respublikachi partiyadoshlar fraksiyasi oldida chiqish qilar ekan.

Gap Ukrainaning Burisma energetika kompaniyasi bilan bog‘liq mojaro haqida ketmoqda: 2014 yilda uning direktorlar kengashiga Xanter Bayden a’zo bo‘lgan. U buni otasi Jo Bayden AQSH vitse-prezidenti lavozimini egallab turgan paytda amalga oshirgan. Ko‘p o‘tmay, Amerika ommaviy axborot vositalari Xanter otasining yordami bilan Burisma manfaatlarini himoya qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani va buning evaziga katta miqdorda pul olishi mumkinligi haqida yoza boshladi. Ba’zi respublikachilarning ta’kidlashicha, bu pullarning bir qismini u otasiga bergan bo‘lishi mumkin.

2019 yilda Burisma’dagi korrupsiya va Jo Baydenning Ukraina ishlariga aralashuvi bo‘yicha Trampning advokati Rudi Juliani surishtiruv o‘tkaza boshladi. 2019 yil 25 iyulda Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatda Tramp bir necha bor Juliani olib borayotgan tergovga ko‘maklashishga chaqirgan. AQSH Kongressidagi demokratlar bu chaqiriqlarni xorijiy davlat rahbariga bosim o‘tkazishga urinish deb baholadi va Trampga nisbatan impichment jarayonini boshladi.

Burisma bilan bog‘liq mojaro 2020 yilgi AQSH prezidentlik saylovlaridan bir yil oldin boshlangan. Demokratlar Tramp Juliani surishtiruvi yordamida Jo Baydenning prezidentlik poygasida g‘alaba qozonishiga to‘sqinlik qilmoqchi, degan fikrni bildirgan. Natijada 2020 yilgi saylovlarda Bayden g‘alaba qozondi, biroq Tramp 2024 yilgi saylovlarda g‘olib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp impichment

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing